Jahon | 09:53 / 11.02.2024
18374
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qo‘shini Ukrainaga dronlar hujumi uyushtirdi

Rossiya harbiylari dronlari Xarkivdagi neft bazaga hujum qilgan. Buning oqibatida boshlangan yong‘in atrofdagi ko‘chalarni qamrab olgan. Yetti kishi halok bo‘lgan, qurbonlar orasida uch farzandi bo‘lgan oila ham bor. Yana 57 kishi boshpanasiz qolgan.

10 fevralga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Shahed rusumli bir nechta dronlar bilan Xarkivning Nemishlyanskiy rayoniga hujum uyushtirdi, deb xabar bergan oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov.

Avvaliga Xarkiv rasmiylari dronlar avtomobillarga yonilg‘i quyish stansiyasiga kelib urilgani haqida xabar bergandi. Ammo keyin Xarkiv oblasti politsiyasi tergov boshqarmasi rahbari Sergey Bolvinovning aniqlik kiritishicha, uchuvchisiz uchar qurilmalar neft bazaga hujum qilgan.

Sinegubovning so‘zlariga ko‘ra, Xarkiv bo‘ylab jami 10 ta dron uchirilgan, shundan sakkiztasi urib tushirilgan. Qolgan ikkitasi neft baza hududiga urilgan, yonilg‘i ko‘chaga sizib chiqqan va yakunda bir necha ko‘cha yong‘in ichida qolgan.

Yong‘in oqibatida jami yetti kishi halok bo‘lgan: uylardan birida — 66 yoshli erkak o‘zining 65 yoshli rafiqasi bilan, boshqasida — uch farzand va ota-onadan iborat oila. Bolalardan biri yetti oylik bo‘lgan (boshqa ma’lumotlarga ko‘ra — o‘n oylik), yana ikkisi — yetti va to‘rt yoshlarda.

Sergey Bolvinovning so‘zlariga ko‘ra, havo trevogasi vaqtida oila o‘z uyidagi yerto‘laga tushib yashiringan. Ko‘p o‘tmay hovli olov ichida qolgan va oila olovdan saqlanish uchun yerto‘ladan qochib chiqqanida, uyda ikki mashina ham yonib ketgan. Ular «olov qopqoni»ga tushib qolishgan, deydi Bolvinov. Otaning jasadi yo‘lakdan topilgan — katta ehtimol bilan u birinchi bo‘lib hushini yo‘qotgan. Uning ortidan chopgan o‘rtancha o‘g‘il oshxonada yotgan bo‘lgan. Ona esa katta va kichik o‘g‘illari bilan vannaxonada jon saqlashga uringan. Qurbonlarning jasadlari kuchli darajada kuygan — Bolvinovning xabar berishicha, jasadlarning shaxsini uzil-kesil tasdiqlash uchun DNK ekspertizasi o‘tkazishga to‘g‘ri kelgan.

Sinegubovning ma’lumotiga ko‘ra, yana uch kishi yaralangan — 39 va 65 yoshlardagi ikki ayol hamda 45 yoshli erkak. Qutqaruvchilar yong‘in chiqqan boshqa uylardan 50 dan ortiq kishini evakuatsiya qilishgan.

Politsiya jasadlarni topganidan bir necha soat o‘tib, Xarkiv oblasti prokuraturasi, besh kishi jasadi chiqqan uy — Chugiyiv okrug prokuraturasi Volchansk bo‘limi prokurori Olga Putyatinaning uyi bo‘lganini ma’lum qildi. Putyatina 35 yoshda bo‘lgan, u Xarkiv oblasti prokuratura organlarida 2012 yil iyunidan buyon ishlab kelgan va hozirda dekretda bo‘lgan.

Shahar meri Igor Terexovning ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 57 kishi jabrlangan — bular uyi va buyumlaridan ayrilganlar. Jami 15 ta xususiy uy yonib ketgan, jami ko‘chaning yarmi yong‘in ichida qolgan, deya qo‘shimcha qilgan Terexov. Jabrlanganlarning barchasi — Kotelnaya ko‘chasidagi uylar aholisi, deya aniqlik kiritgan Sinegubov.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «Rossiya terrori jazosiz qolishi mumkin emasligi» aytilgan post yozdi. «Reallik hamisha so‘zlardan ko‘proq narsani aytadi. O‘tgan tunda Xarkiv oblastida Shahed’lar zarbasidan keyin butun bir oila halok bo‘ldi: ota-onalar va uch farzand. Katta o‘g‘il, Aleksey, yetti yoshda bo‘lgan, o‘rtanchasi, Mixaylo, to‘rt yoshda, eng kichigi — Pavel, u hali yetti oylik edi. Hali hayotni ko‘rishga ulgurmagan va aqldan ozgan ruslar tufayli halok bo‘lgan bolalar», — deya yozgan Zelenskiy.

Shahar o‘qqa tutilishi oqibatida 1030 ta uy va minglab kishilar elektrsiz qolgan. Oleg Sinegubov hujumga uchragan neft bazadagi rezervuarlardan biri hali yonilg‘i bilan to‘laligi va portlash xavfi saqlanib qolayotganidan ogohlantirgan. U zarurat tug‘ilganda evakuatsiya hududi kengaytirilishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Mavzuga oid