Jahon | 14:33 / 17.02.2024
6739
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya qishloqlaridan birida jamoat joyida telefondan foydalanish taqiqlandi

2 mingdan kamroq odam yashaydigan Parij janubidagi qishloqda aholi jamoat joylarida telefondan foydalanmaslikni yoqlab ovoz berdi. Endi odamlar do‘kon, kutish joylari, kafelarda, bolalar esa ko‘chada telefon ishlatmaydi. Rozi bo‘lgan ota-onalarning 15 yoshdan kichik bolalariga smart ekranli telefonlar o‘rniga eski rusumdagi telefonlar tarqatiladi.

Parijning janubida joylashgan aholisi 2 mingdan kamroq bo‘lgan Sent-Porto qishlog‘ida o‘tkazilgan referendumda odamlar jamoat joylarida telefondan foydalanishni taqiqlashni yoqlab ovoz berdi. Unga ko‘ra, kattalarga jamoat joylarida, qirg‘oq, do‘kon, kafelarda, bolalarini maktabdan olishga borganda, bolalarga esa ko‘chada ketayotganda telefondan foydalanish taqiqlanadi. Manzildan adashib telefon xaritasidan foydalanmoqchi bo‘lganlarga esa odamlardan yo‘lni so‘rash tavsiya etiladi.

Kattalarga bu yangilik ma’qul kelgan bo‘lsa, yoshlarga yangi tartib unchalik xush kelmadi.

Qishloq, shuningdek, bolalarning uyda telefondan foydalanmasligi bo‘yicha nizom ham tasdiqladi. Unga binoan, bolalar uxlashdan oldin, ovqatlanish vaqtida ekranga qaramasliklari kerak. Agar ota-onalar yozma kelishuv imzolashsa, ular 15 yoshdan kichik bolasiga telefon berishni to‘xtatadi. O‘rniga hudud ma’muriyati eski rusumdagi telefonlarni foydalanish uchun tarqatadi.

Hududda telefondan foydalanish taqiqlanyapti, lekin undan foydalangan odam jazoga tortilmaydi. Sababi bunga oid biror qonun yo‘q. O‘rniga hamma jamoat joylariga telefondan foydalanmaslik to‘g‘risida ko‘rsatmali plakatlar osiladi. Do‘kon sotuvchilari esa odamlardan muloyimlik bilan telefondan foydalanmaslikni so‘raydi.

Smartfonlardan foydalanish va ekranga qarash davomiyligi Fransiyada tobora siyosiy masala bo‘lib bormoqda. O‘tgan oyda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakatda bolalar uchun telefondan foydalanishning eng yaxshi varianti olimlar bilan kelishib olinishini ma’lum qilgandi. Bunda telefondan foydalanishda bolalarga nisbatan ma’lum taqiqlar bo‘lishi ham mumkin.

Mavzuga oid