O‘zbekiston | 09:49 / 18.02.2024
41959
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxdagi oilaviy bog‘chada qarovsiz qolgan bola ariqqa tushib ketib, vafot etdi

U qarovsiz qolib, ko‘chaga chiqib ketgani aytilmoqda.

Foto: Kun.uz

15 fevral kuni Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi mahallalarning birida joylashgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi nazoratsiz qolishi oqibatida ko‘chaga chiqib ketib, vafot etdi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Agentlik «Gazeta.uz» so‘roviga javoban aniqlik kiritishicha, o‘sha kuni tarbiyachilar bolalarni qarovsiz qoldirgani ortidan ko‘chaga 2–3 nafar bola chiqib ketgan. Ulardan biri ko‘chadagi ariqqa tushib ketgan va vafot etgan.

«Hozirda mazkur oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini tugatish yuzasidan akt qilinmoqda», deydi agentlik matbuot xizmati rahbari Movluda Asqarxo‘jayeva.

Jizzax viloyati prokuraturasi ham voqea bo‘yicha munosabat bildirdi, unga ko‘ra, holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilmoqda.

«Vafot etgan bola bog‘chaga noqonuniy tartibda qatnagan»

Maktabgacha ta’lim agentligining qayd etishicha, mazkur oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti 2020 yil 3 dekabrda tashkil topgan. 2023 yil aprel oyigacha 25 nafar bolani qabul qiladigan quvvatda faoliyat olib borgan. MTT bilan aprel oyida yangi tuzilgan bitimda esa quvvat 18 o‘rin deb belgilangan.

Ta’limni boshqarish axborot tizimi — «Bolalar bog‘chasi»ga ko‘ra, 15 fevral holatiga bolalar soni 18 nafarni tashkil etishi ko‘rsatilgan. Ammo vafot etgan bola B.P. tashkilotga qatnovchi bolalar ro‘yxatiga kiritilmagan, ya’ni noqonuniy tartibda qatnagan.

Mavzuga oid