Jahon | 10:05 / 19.02.2024
5048
3 daqiqa o‘qiladi

«Oppengeymer» BAFTA kinomukofotining 7 nominatsiyasida g‘olib chiqdi

Atom bombasining otasi haqidagi film eng yaxshi film, Kristofer Nolan eng yaxshi rejissyor, Killian Merfi esa eng yaxshi aktyor deb topildi. Ukrainalik hujjatli filmlar rejissyori Chernov ham Britaniyaning BAFTA kinomukofotini oldi. 

Killian Merfi Foto: Getty images

Triller elementlari bo‘lgan «Oppengeymer» biografik filmi Britaniya kino va televideniye san’ati akademiyasining (BAFTA) yettita nominatsiyasida g‘olib chiqdi. Taqdirlash marosimi 18 fevral, yakshanba kuni Londonda bo‘lib o‘tdi

«Oppengeymer» 2023 yilning eng yaxshi filmi deb topildi va uning yaratuvchisi Kristofer Nolan «Eng yaxshi rejissyor» nominatsiyasida g‘olib chiqdi. Atom bombasi yaratuvchisi Robert Oppengeymer rolini ijro etgan irlandiyalik Killian Merfi eng yaxshi aktyor deb tan olindi, filmda amerikalik biznesmen Lyuis Shtrauss obrazini yaratgan kichik Robert Dauni esa «Eng yaxshi ikkinchi plandagi aktyor» mukofoti bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, Nolanning 13 yo‘nalish bo‘yicha nominatsiyaga kiritilgan ijodi eng yaxshi operatorlik ishi, eng yaxshi montaj va eng yaxshi film musiqasi uchun mukofotlarga sazovor bo‘ldi. 

«Bechora baxtsizlar» beshta haykalcha oldi 

Arizona shtatidan bo‘lgan Emma Stoun Yorgos Lantimosning «Bechora baxtsizlar» filmidagi roli uchun eng yaxshi aktrisa deb topildi. Ushbu film, shuningdek, eng yaxshi bo‘yanish va soch turmagi, eng yaxshi kostyum dizayni, eng yaxshi vizual effektlar va eng yaxshi rassom ishi uchun nominatsiyalarda g‘olib chiqdi. Stoun allaqachon «La-La Lend» musiqiy filmi uchun ushbu nominatsiyada mukofotni qo‘lga kiritgan. 

Ikkinchi plandagi eng yaxshi ayol roli uchun mukofot Aleksandr Peynning «Qolganlar» komediya-dramasida bosh rolni ijro etgan amerikalik Davayn Joy Rendolfga berildi. Eng yaxshi original ssenariy mukofoti fransuzlar Artur Arari va Jyustin Triyega «Qulash anatomiyasi» dramasi uchun topshirildi. 

Qamal qilingan Mariupol haqidagi film uchun mukofot

«Eng yaxshi hujjatli film» nominatsiyasida g‘oliblik «Mariupolda 20 kun» filmi uchun ukrainalik Mstislav Chernovga nasib etdi. Xayao Miyazakining «Bola va qush» to‘liq metrajli kartinasi eng yaxshi animatsion film deb topildi. 

BAFTA tarixida birinchi marta «Eng yaxshi Britaniya filmi» va «Eng yaxshi ingliz tilida bo‘lmagan film» nominatsiyalari g‘olibi bitta kartina – Jonatan Gleyzerning «Qiziqish zonasi» dramasi bo‘ldi. Shuningdek, u eng yaxshi ovoz uchun mukofotni oldi. 

Mavzuga oid