Sobiq futbolchi Dani Alves 4,5 yilga qamaldi
U bir yil oldin jinsiy zo‘ravonlikda gumonlanib qo‘lga olingach, klubi shartnomani bekor qilgan, turmush o‘rtog‘i ajrashish uchun ariza bergandi.
Ispaniya sudi «Barselona» jamoasi va Braziliya milliy jamoasining sobiq himoyachisi Dani Alvesni 2022 yil Barselonadagi tungi klubda ayol kishiga jinsiy zo‘ravonlik qilishda aybdor deb topdi.
Braziliyalik taniqli futbolchi to‘rt yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Kataloniya oliy sudi qaroriga ko‘ra, Alves jabrlanuvchiga 150 ming yevro to‘lashi ham kerak.
Shuningdek, Dani ozodlikka chiqqach, 5 yillik shartli qamoq jazosini ham o‘taydi.
Sud jabrlanuvchi ayol jinsiy aloqaga rozilik bermagani isbotlangani, jinsiy zo‘rlash holatini tasdiqlovchi boshqa dalillar ham borligini ma’lum qilgan.
Alves avvaliga ayblovni rad etgandi, keyin esa barchasi ikki tomonning roziligi bilan bo‘lganini aytishga tushgandi.
Advokat uni oqlashni so‘ragan, prokuror futbolchini to‘qqiz yilga qamashni so‘ragandi. Alves hali hukmdan shikoyat qilishi mumkin.
Tarixdagi eng sovrindor futbolchilardan biri bo‘lgan Alves 2023 yil yanvarida 23 yoshli ayolning arizasi asosida hibsga olingandi va shundan buyon qamoqda saqlanayotgandi.
Ayol futbolchi 2022 yil 30 dekabr kuni Barselonadagi Sutton klubining VIP-zonasida unga tegajog‘lik qilganini aytib bergan, deya yozgan El Periódico de Catalunya gazetasi. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, Alves uni kuch bilan vannaxonaga olib kirib, jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirgan, kaltaklagan va zo‘rlagan.
Jinoiy tergov fonida futbolchining rafiqasi Joana Sans ajrashish uchun ariza bergan va jabrlanuvchi ayolning ko‘rsatmalariga ishonishini bildirgan.
Uning ishi nafaqat sudlanuvchi o‘rindig‘ida mashhur futbolchi o‘tirgani, balki gender zo‘ravonlik masalasi Ispaniyada ommaviy munozaralarda tobora asosiy mavzuga aylanib borayotgani ham jamoatchilik diqqat markaziga tushdi, deya sharhlaydi Reuters.
Bu Ispaniyada 2022 yil qabul qilingan tegishli qonundan keyingi eng shov-shuvli sud jarayonlaridan biriga aylandi, bu qonunga ko‘ra jinsiy zo‘ravonlik holatlarida rozilik asosiy elementga aylangan va zo‘ravonlik hujumlari uchun beriladigan minimal qamoq muddati oshirilgan.
Dani Alves — so‘nggi o‘n yilliklarning eng taniqli braziliyalik futbolchilaridan biri bo‘lgandi. U faoliyatining katta qismini — to‘qqiz mavsumni — «Barselona» safida o‘tkazgan. Shuningdek, Alves Yevropada «Sevilya» (2003-2008), «Yuventus» (2016–2017) va «PSJ» (2017–2019) klublari uchun ham o‘ynagan. Faoliyatining so‘nggi qismida Braziliyaning «San-Paulu» jamoasida to‘p surgan (2019–2021), 2022 yilda Meksikaning «UNAM Pumas» klubi a’zosiga aylangandi, ammo futbolchi qo‘lga olinganidan keyin bu klub u bilan shartnomani bekor qildi.
Alves faoliyati davomida turli klublar bilan jami 46 sovrin qo‘lga kiritgan va jahonning eng sovrindor futbolchisi sanalardi. U «Barselona»da 2008–2016 yillar mobaynida olti marta La Ligada, uch marta Chempionlar ligasida va to‘rt marta Ispaniya Kubogida g‘alaba qozongan.
Mavzuga oid
09:18 / 17.11.2024
Bolalar ombudsmani Samarqandda jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan qiz bilan uchrashdi
15:58 / 03.10.2024
Yangiyo‘lda 4 yoshli qizchani zo‘rlashda gumonlanayotgan shaxs ushlandi
21:21 / 18.06.2024
Qozog‘istonda o‘zbekistonlik jiyanlariga jinsiy zo‘ravonlik qilgan erkak ushlandi
23:05 / 11.05.2024