O‘zbekiston | 17:41 / 25.02.2024
49399
10 daqiqa o‘qiladi

Kriptovalutaning “onasi”. Sim orqali o‘g‘irlanayotgan milliardlar

Mayning fermalarning yashirincha ishlatilishi ortidan O‘zbekistonda milliardlab so‘mlik elektr energiyasi o‘g‘irlanib, ta’minot tizimiga katta zarar yetmoqda. Hatto hokimlarning ham ishdan olinishiga sabab bo‘layotgan mayning o‘zi aslida nima? U qanday ishlaydi va qayerdan pul “qiladi”? Kun.uz bu boradagi ma’lumotlarni to‘pladi.

Elektr energiyasidan pul “yasaydi”

Mayning “raqamli valutaga erishish, topish yoki qo‘lga kiritish” ma’nosini anglatadi. Mayning ferma bu – bir tizimga birlashtirilgan bir qancha kompyuterlar yoki serverlar.

Ko‘pchilik raqamli valutalar haqida eshitgan. Do‘konlarda to‘lovlar bitkoinlarda qabul qilinmasa-da, kriptovalutalar raqamli dunyoda o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘lib ulgurgan. Mayning sanoati kriptovalutalarga sarmoya kiritishning hamon juda mashhur usuli bo‘lib qolmoqda. Dunyo bo‘ylab millionlab odamlar raqamli aktivlarni “qazib olish”dan manfaatdor va unga sarmoya kiritishga hamon tayyor.

Turli kriptovalutalar uchun har xil uskunalar ishlatiladi. Xususan, bir necha yillar oldin bitkoinni olish uchun asosan videokartalardan keng foydalanilgan bo‘lsa, keyin ular maxsus ishlab chiqilgan protsessorlar (ASIC) bilan almashtirilgan.

Jahondagi barcha mayning uskunalari biz tasavvur ham qilolmaydigan darajada elektr energiyasini iste’mol qiladi. Oddiy qilib tushuntirganda mayning qurilmasi elektr energiyasi yordamida kriptovaluta “yasaydi”. Keyin o‘sha kriptovaluta kripto-birjalar orqali sotilib, haqiqiy pulga aylantiriladi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1 bitkoinni ishlab chiqarish uchun mingta xonadonning bir oylik elektr energiyasiga teng elektr sarflanadi. 1 bitkoin narxi hozirgi kun holatiga 51 ming AQSh dollaridan ko‘proqni tashkil etadi. 54 ta qurilmaga ega mayning ferma 1 bitkoinni 1 soatda ishlab chiqadi.  

Jahonda vaziyat qanday?

Kembrij universiteti olimlarining tadqiqotlariga ko‘ra, birgina bitkoin kriptovalutasini olish uchun yillik 121,36 TWh elektr energiyasi zarur bo‘lar ekan. Bu taxminan O‘zbekiston aholisining ikki yil davomida iste’mol qiladigan elektr energiyasiga tengdir.

BitRiver ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda mayning bo‘yicha yetakchi davlat kriptovaluta ishlab chiqarishga jalb qilingan quvvat miqdori bo‘yicha 3-4 GW quvvatga ega bo‘lgan AQSh hisoblanadi. Undan keyingi o‘rinni 1 GW quvvatga ega Rossiya egallagan. Qozog‘istonda mayning bilan shug‘ullanish uchun qo‘yilgan cheklovlar va Xitoyda elektr taqchilligi sabab Rossiya reytingda yuqorilagan.

AQShda ham soliq imtiyozlarining olib tashlanishi, elektr energiyasi narxining oshishi va tartibga soluvchilarning cheklovchi harakatlari tufayli mamlakatda kriptovaluta bozori o‘sishi sekinlashishi kutilmoqda.  

Karmanadagi yirik o‘g‘irlik

O‘zbekistonda kriptovaluta ishlab chiqarish bilan bog‘liq faoliyat turini tartibga solishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Ularga asosan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat litsenziyalanishi belgilab qo‘yilgan. Lekin bugungi kunda ayrim shaxslar tomonidan o‘rnatilgan tartiblarni g‘ayriqonuniy tarzda chetlab o‘tib, kripto-aktivlar mayningi bilan shug‘ullanish holatlari uchrab turibdi. 

Ular orasida 2023 yilda elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan eng yirik mayning ferma Navoiy viloyatining Karmana tumanida aniqlangan.

O‘zenergoinspeksiya tomonidan tumandagi qurilishi tugallanmagan binoda nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Jarayonda binoda fuqaro R.E.I.ga tegishli, umumiy iste’mol quvvati 840,4 kWhʼni tashkil etadigan mayning qurilmalari quvvati 630 kWhʼga teng ikkita transformatorga o‘zboshimchalik bilan ulangani ma’lum bo‘lgan.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Ushbu holatdan so‘ng energetika sohasi bo‘yicha prezident o‘tkazgan yig‘ilishda Karmana tumani hokim, prokurori, departament boshlig‘i, IIB va elektr tarmoqlari rahbarlari ishdan olindi. Sababi, ular 10 oy davomida 452 ta mayning qurilmasi orqali 5,5 mln kWh elektr energiyasining noqonuniy ishlatilganini payqamagan. Buning oqibatida davlatga 24,4 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.  

Nima taqiqlangan va nimaga ruxsat bor?

O‘zbekistonda mayning faoliyati bilan shug‘ullanish qonunchilik bilan tartibga solingan: Adliya vazirligi tomonidan “Mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ushbu nizom bilan mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish hamda uning faoliyatini tashkil etish tartibi belgilangan.

Bunda talabgor ruxsatnoma olish uchun axborot tizimiga Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) orqali kirib, arizani elektron ravishda to‘ldiradi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza va belgilangan ma’lumotlar hamda hujjatlar to‘liq taqdim etilgan kundan e’tiboran 20 kun ichida qabul qilinadi. Arizani ko‘rib chiqish hamda ruxsatnoma rasmiylashtirish uchun yig‘im undirilmaydi. Ruxsatnoma 5 yil muddatga beriladi. 

Shuningdek, ruxsatnoma vakolatli organ tomonidan qaror qabul qilingan kundan boshlab bir kun ichida QR-kod qo‘yilgan holda elektron hujjat tarzida rasmiylashtiriladi.

Mayning faoliyati faqat yuridik shaxs tomonidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi, lekin mustasno holatlar ham bor. Ya’ni maynerlar iste’mol qilingan elektr energiyasini hisobga olish uskunasini o‘rnatib, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda yagona elektr energetika tizimiga ulanishi mumkin.

O‘zenergoinspeksiya axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyevning ma’lum qilishicha, huquqiy asoslar bo‘lsa ham O‘zbekistonda hali birorta mayning ferma davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. 

“2023 yil 15 iyul sanasida Vazirlar Mahkamasining qo‘shimcha qaroriga ko‘ra, mayning fermalar 5 barobar oshirilgan tarif bilan elektr tarmog‘iga ulanishi yoki quyosh batareyalari orqali faoliyat yuritishi mumkin. Bu esa maynerlar uchun ko‘proq to‘lov xarajatlarini talab qiladi. Shu sababli ham ortiqcha xarajatlardan qochish uchun ular faoliyatini yashirin olib boradi”, dedi u.

Ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Shuningdek, elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanish, hisobga olish asboblariga, ularning plombalariga shikast yetkazish, ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish o‘g‘rilik yoki oz miqdorda talon-toroj qilish sifatida baholanib, javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Maynerlar o‘z faoliyatini faqat ro‘yxatga olingan paytda ko‘rsatilgan manzilda, yong‘in xavfsizligi hamda sanitariya normalari va qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirishi mumkin. Maynerlar mayningni amalga oshirish natijasida olingan kripto-aktivlarni O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan kripto-birjalar orqali sotishga haqli.  

Mayning – “svet”ning “dushmani”

Ha, aynan mayning qurilmalari elektr ta’minoti sifatiga hamda tizimga katta zarar yetkazishi mumkin.  

Tadqiqotchilar mayning fermalari elektr energiyasi yetkazishda turli baxtsiz hodisalarga olib kelishini va iste’molchilar uchun hamisha katta xarajatlar keltirishini allaqachon aniqlab bo‘lgan. Ularning fikriga ko‘ra, elektr energiyasidan hisobsiz va to‘lovsiz foydalanish boshqa iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlash sifatiga hamda tizimning ishonchliligiga katta putur yetkazadi.

Bundan tashqari, mayning tufayli elektr inshootlarida favqulodda vaziyatlar kelib chiqadi. Tarmoq zo‘riqadi, oqibatda iste’molchilar past kuchlanishda elektr toki olishga majbur bo‘lishadi. Qolaversa, iste’mol qilingan elektr uchun to‘lovning yetishmasligi elektr tarmoqlari kompleksini modernizatsiyalash ishlarini moliyalashtirishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

11 oyda 58 mlrd so‘m o‘g‘irlik

Mayning fermasi qishloq va tumanlarda odamlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Qurilmalarning to‘xtovsiz ishlashidan atrofda yashovchi aholi surunkali bosh og‘rig‘iga uchrashi mumkin. 

Navro‘z Norboboyevning ta’kidlashicha, bir qancha mamlakatlarda mayning faoliyatiga cheklovlar yoki faoliyatini butunlay to‘xtatish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

“Mayning fermalar qanchalik zararli ekanini xorijiy davlatlar misolida ko‘rish mumkin. Masalan, eng yirik mayning fermalar Xitoyda edi, 2021 yilda ularning bir qanchasining faoliyatiga chek qo‘yildi. Chunki energetik ta’minotga katta zarar yetkazadi. Yevropa davlatlari ham mayning fermalar faoliyatini cheklash to‘g‘risida me’yorlar ishlab chiqyapti. 2017 yilning o‘zida mayning fermalar sabab energiya tizimiga 900 foiz yuklama ortgan, bu esa tarmoqlarda katta muammolar, avariya holatlarini keltirib chiqargan”, dedi u.

Statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning 11 oyida O‘zbekistonda 26 ta noqonuniy mayning fermasi aniqlangan. Bosh prokuraturaning xabar qilishicha, ular tomonidan 29 mln kWh elektr energiyasi talon-toroj qilingan. Bu 145 mingta xonadonning bir oylik iste’mol ehtiyojiga teng. Davlatga yetkazilgan zarar 58 mlrd so‘mdan oshgan. Holat yuzasidan 29 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik)ning tegishli qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ular protsessual tartibda ushlangan.

Eslatib o‘tamiz, mayning faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullanib, energiya resurslarini juda ko‘p miqdorda talon-toroj qilish Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zatilishiga hamda 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishga sabab bo‘lishi mumkin.

Baxtiyor To‘xtayev, Kun.uz

Mavzuga oid