Sport | 23:14 / 02.03.2024
19604
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda dzyudo bo‘yicha «Katta dubulg‘a» turnirining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Poytaxtimiz ayni kunlarda dunyoning eng kuchli dzyudochilarini o‘zida jam qilgan.

Bugun, 2 mart kuni Toshkentda dzyudo bo‘yicha «Katta dubulg‘a» turnirining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikromov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) Bosh direkori Vlad Marinesku, MOQ raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi rahbari Azizjon Komilov ishtirok etishdi.

Marosimda Vlad Marinesku Toshkent musobaqaga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rgani, ikki yil muqaddam o‘tgan jahon chempionatining taqdirlash marosimida Prezidentimizning shaxsan qatnashgani dzyudoga bo‘lgan e’tiborning yuqori ekanini bildirdi. O‘z o‘rnida Adham Ikramov davlatimiz tomonidan dzyudo ommaviyligini oshirishga ulkan ahamiyat qaratilayotgani, qolaversa, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida dzyudochilarimizdan ulkan natijalar kutilayotgani haqida to‘xtaldi. Shu qatorda Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov ham bu boradagi fikrini bildirdi.

«Bu kabi nufuzli musobaqalarga mezbonlik qilish — Toshkent uchun odatiy holga aylanyapti. Tadbirning ochilish marosimida ishtirok etgan Xalqaro dzyudo federatsiyasi Bosh direktori, janob Vlad Marinesku ham musobaqaga yuksak tayyorgarlik ko‘rilganini qayd etdi. Musobaqada dzyudochilarimiz munosib ishtirok etishiga ishonchim komil. Olg‘a O‘zbekiston!», - deydi Otabek Umarov.

Ma’lumot uchun, «Humo arena» mezbonligida o‘tayotgan turnir 3 mart kuniga qadar davom etadi. 1 mart kuni start olgan bahslarda hamyurtlarimiz musobaqa chempionligi bilan birga Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari yo‘lida muhim reyting ochkolari uchun kurash olib borishmoqda.

Mavzuga oid