O‘zbekiston | 13:00 / 03.03.2024
29038
7 daqiqa o‘qiladi

Tarmoqlarda shov-shuv bo‘layotgan Uzbekistan’s Club. Nima o‘zi u?

Foto: Uzbekistan’s Club

Bugungi kunda xorijiy mamlakatlarda minglab o‘zbekistonlik yurtdoshlarimiz istiqomat qilib, o‘z kareralarini yuritishmoqda. Ular, tabiiyki, O‘zbekistonni va o‘zbekistonliklarni sog‘inadi, qo‘msaydi. O‘z tilida, o‘z yurtida tug‘ilib o‘sgan insonlar bilan suhbatlashishni, fikr almashishni xohlaydi. Aynan mana shunday qiyinchiliklarga barham berish uchun Uzbekistan’s Club loyihasi bugungi kunda o‘z faoliyatini olib bormoqda. Uzbekistan’s Club – xalqaro miqyosda muvaffaqiyat qozonib kelayotgan o‘zbekistonliklarni bir yerga jamlash maqsadida yaratilgan jahonshumul platforma bo‘lib, unda eksklyuziv va yuqori sifatli, ta’sirchan kontentlar yaratiladi. Ularni ishlab chiqishdan maqsad yoshlarga ishtiyoq ulashish, ularga jahon toifasidagi mutaxassis bo‘lib yetishishda yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qilish.

Bugungi kunga qadar loyiha doirasida bir qator ruknlar ostida turlicha mavzu va yo‘nalishlarga bo‘lingan holda videofilm va ko‘rsatuvlar suratga olingan va ular hamon davom etmoqda. "O‘zbekistonlik", "O‘zbekistonlik Podcast" va "O‘zbekistonlik.Studens" shular jumlasidan.

"O‘zbekistonlik"

"O‘zbekistonlik" – xorijdagi vatandoshlar hayoti, ularning muvaffaqiyatlari haqidagi uch epizoddan iborat badiiy-hujjatli film bo‘lib, unda hayotiy voqealar aks etadi, qahramonlar esa bevosita o‘zbekistonliklardir. Hozirga qadar filmning to‘rtta epizodi tomoshabinlar e’tiboriga havola qilingan. Ushbu filmlar orqali o‘zbekistonlik deganda ikkinchi darajali ishni bajaruvchi shaxs degan stereotipni yengish va o‘zbekistonliklar aqliy salohiyatda hech kimdan kam emasligini anglashingiz mumkin.

"O‘zbekistonlik.Studens"

Uzbekistan’s Club jamoasining yana bir loyihasi – "O‘zbekistonlik.Studens" maxsus loyiha bo‘lib, u dunyoning mashhur oliygohlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar haqida hikoya qiladi. Ularning ta’lim manzili "Oksford", "Kembrij", "Bristol" va boshqalar. Har bir qahramon o‘zining oliy maqsadi yo‘lidagi qiyinchiliklari, quvonchli onlari va orzulari haqida batafsil ma’lumot beradi. Shuningdek, loyiha qahramonlari dunyoning nufuzli universitetlariga qanday kirish kerakligi, qanday imtihonlardan o‘tish kerakligi, qanday stipendiya olish kerakligi va o‘qish davomida qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirish mumkinligi haqida hikoya qilib beradi.

"Uzbekistan’s Club" jurnali

O‘tgan yilning 18 oktabr kuni Londonda "O‘zbekistonlik" III xalqaro forumi o‘tkazilib, unda “Uzbekistan’s Club” jurnali taqdimoti bo‘lib o‘tgan. “Uzbekistan’s Club” jurnalining ilk sonida tahririyat versiyasiga ko‘ra ko‘plab o‘zbekistonliklar qiziqishiga sabab bo‘lgan eng progressiv o‘zbekistonliklarning top-20 taligi e’lon qilingandi. Keyinchalik bunday ro‘yxat millatning shu nomga eng munosib vakillarini aniqlash va ularning faoliyatiga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish uchun muntazam tuzib borilishi ma’lum qilingan. Jurnalning yana bir trendi – ESG (atrof-muhit, jamiyat va hissadorlar oldidagi mas’uliyat) konsepsiyasini ommalashtirish bo‘lib, buning uchun tahririyat ijtimoiy mas’uliyatli bizneslarning kuchli yettiligini tuzgan hamda tahririyat versiyasiga ko‘ra shu ro‘yxatdan joy olgan eng yaxshi loyihalarni jurnalning birinchi sonida e’lon qilgan.

Xalqaro forum va taqdimotlar

Uzbekistan’s Club loyihasi doirasida bir qator xalqaro forumlar ham tashkil qilinib, unda dunyoning turli burchaklarida katta muvaffaqiyatga erishib, jahon toifasidagi professionallarga aylangan vatandoshlarimiz, O‘zbekistondan tashrif buyurgan kreativ va media sanoatining yetakchi vakillari ishtirok etishadi. "O‘zbekistonlik" loyihasining ilk forumi 2022 yil 1 oktabr kuni Germaniya poytaxtining Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan. Shundan so‘ng, Parij va Londonda, endilikda esa Nyu-Yorkda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, forum doirasida "O‘zbekistonlik" filmining beshinchi epizodi premerasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu epizodning ikkala qahramoni ham o‘z sohalarida eng yuqori cho‘qqilarni zabt etish uchun katta qiyinchiliklarni boshdan kechirgan hamyurtlarimiz hisoblanadi. Yil oxirida esa tomoshabinlar ijodiy guruhning yaqinda AQShga qilgan safari chog‘ida to‘plagan materiallari asosidagi maxsus filmning premerasini tomosha qilishlari mumkin.

Uzbekistan’s Club o‘z tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun Yoshlar ishlari agentligiga, Tashqi ishlar vazirligiga, O‘zbekiston va AQSh elchixonalariga, shuningdek, millatning yangi qiyofasini yaratishdagi ishonchli hamkorlari bo‘lmish — Ucell uyali aloqa operatoriga, Chevrolet Uzbekistan avtomobil brendiga va “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasiga o‘z minnatdorchiligini izhor qiladi.

“Amerika mavsumi”ning yangiligi shundan iboratki, taniqli o‘zbekistonlik muhandis Asqarali Karimov boshlovchiligida bo‘lgan "O‘zbekistonlik Podcast" deb nomlangan yangi podkast-shousining premerasi bo‘lib o‘tadi. Shou mehmonlari, o‘z sohalarida jahon e’tirof etgan AQShda istiqomat qiluvchi taniqli vatandoshlarimiz muhim masalalar: ekologiya, migratsiya, oila va boshqa ko‘plab mavzularni muhokama qilishadi. Shou hamkor telekanallarda, YouTube'da, audio ko‘rinishida Spotify, Apple Music, Yandex.Music'da va boshqa striming xizmatlarida namoyish etiladi. Podkastlarning bosh homiysi: Uzum milliy va raqamli ekotizimi.

Mavzuga oid