Tramp Vashingtondagi praymerizda yutqazdi
Donald Trampning raqibi Nikki Xeyli respublikachilar saylovoldi tashviqoti tadbirlarida ilk bor uni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.
AQSh prezidentligiga nomzod Nikki Xeyli 3 mart, yakshanba kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan Respublikachilar partiyasining praymerizlarida g‘alaba qozondi. Janubiy Karolina sobiq gubernatori va AQShning BMTdagi sobiq doimiy vakili 62,9 foiz, uning raqibi - AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp esa 33,2 foiz ovoz oldi, deb yozadi Reuters.
Xeylining saylovoldi shtabi vakili Oliviya Peres-Kubas natijalarni hayratlanarli deb atadi va AQSh poytaxtidagi respublikachilar «Donald Trampni va uning barcha tartibsizliklarini rad etishini» aytdi. Shu bilan birga, Nikki Xeyli AQSh tarixida respublikachilar praymerizlarida g‘alaba qozongan birinchi ayolga aylandi, dedi Peres-Kubas.
Reuters agentligi qayd etishicha, Vashingtonni o‘z ichiga olgan Kolumbiya okrugi aholisining 100 foizi shahar aholisi, jumladan, yuqori darajadagi ma’lumotga ega odamlar hisoblanadi, Tramp saylovoldi tashviqoti esa boshqa turdagi saylovchilar uchun mo‘ljallangan. U 2016 yilda, birinchi marta AQSh prezidentligi uchun kurashganida ham poytaxtdagi praymerizda yutqazgan edi.
Xeylining g‘alaba qozonishi deyarli imkonsiz - ekspertlar
Vashingtondagi praymeriz natijalari Xeylining saylov poygasida Tramp ustidan birinchi g‘alabasini belgilab berdi, biroq Edison Research tahlilchilariga ko‘ra, bu g‘alaba «ramziy»dir. Xeylining respublikachi nomzod bo‘lish ehtimoli «deyarli imkonsiz» bo‘lib qolmoqda. Respublikachilar orasida yaqqol favorit - Tramp partiyaning barcha oldingi kokuslari va praymerizlarida, shu jumladan Xeyli vatani Janubiy Karolina shtatida ham ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatlashiga erishdi.
Vashingtondagi mag‘lubiyatidan bir kun oldin Tramp birdaniga AQShning uchta shtatida - Missuri, Michigan va Aydaxoda bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozondi.
AQSh saylov kampaniyasidagi navbatdagi katta voqea 5 mart kuni «superseshanba» deb ataladigan kun bo‘ladi, bunda partiya praymerizlari bir vaqtning o‘zida 15 shtat va AQSh bitta orol hududida bo‘lib o‘tadi. «Superseshanba» natijalari Xeyli va Tramp o‘rtasidagi qarama-qarshilikda hal qiluvchi bo‘lishi mumkin – agar sobiq prezident ushbu tadbirlarda yagona raqibini mag‘lub etsa, 20 martgacha u respublikachilar ovozi uchun kurashda to‘liq g‘alaba qozonganini e’lon qilishi mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, uni AQShning kamida uchta shtati - Kolorado, Men va Illinoysda 2021 yil boshida Kapitoliyga bostirib kirishga undaganlik ayblovi tufayli saylovoldi poygasida ishtirok etishi taqiqlangan, bu hududlarda uning praymerizlardan chetlashtilishi masalasi hali ham ochiqligicha qolmoqda. Men va Kolorado shtatlarida praymerizlar «superseshanba» kuni, Illinoysda esa 19 mart kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
17:48 / 22.11.2024
Tramp Pem Bondini bosh prokuror lavozimiga yangi nomzod sifatida ko‘rsatdi
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
11:15 / 21.11.2024
Putin Tramp bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor - Reuters
17:20 / 20.11.2024