O‘zbekiston | 09:37 / 05.03.2024
57108
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon shahrining sobiq hokimi Bahromjon Haydarov vafot etdi

U jinoiy sheriklari bilan 48 mlrd so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi. Marhumning o‘limi jazoni ijro etish muassasasida ro‘y bergan. Sobiq hokimning o‘limiga nima sabab bo‘lgani hozircha ma’lum emas.

Foto: Kun.uz

Andijon shahrining sobiq hokimi Bahromjon Haydarov qamoqxonada vafot etgan. Buni Kun.uz’ning Andijon viloyati hokimligidagi manbasi tasdiqladi. Uning o‘limiga nima sabab bo‘lgani hozircha ma’lum emas.

2019 yil 8 oktyabrdan Andijon shahar hokimi lavozimiga rasman kirishgan Bahromjon Haydarov 2022 yilning iyun oyida jinoyat qilganlikda ayblanib, protsessual tartibda ushlangandi.

Haydarov viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan vaqtda sheriklari bilan 48 mlrd so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. Tergov ishi doirasida 37 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, ularning 32 nafari qamoqqa olingan.

Shuningdek, Bahromjon Haydarov hokim sifatida ham yer ajratish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar oqibatida davlat manfaatlariga 1,7 mlrd so‘mdan ortiq zarar keltirgani ma’lum qilingandi.  

Avvalroq sud hukmi bilan sobiq hokimga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Bahromjon Haydarov 1972 yilda Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyatida tug‘ilgan, 1995 yil Andijon iqtisodiyot va boshqaruv institutini (sirtqi), 1998 yil O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasini (kunduzgi) tamomlagan.

1994 yilda Andijon viloyati hokimligi moliya boshqarmasida ish boshlagan Bahromjon Haydarov 2017-2019 yillarda boshqarma boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Mavzuga oid