Jamiyat | 18:50 / 06.03.2024
15806
3 daqiqa o‘qiladi

Angrendagi ikkita maktabda «Telefonsiz maktab» tizimi joriy etildi

Avvalroq, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev «Telefonsiz maktab» tizimini joriy etganlarni 300 mln so‘m mukofot bilan rag‘batlantirishini aytgan edi. 

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Toshkent viloyati, Angren shahridagi 13- va 17-umumta’lim maktabida «Telefonsiz maktab» tizimi joriy etildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, maktab ma’muriyati va ota-onalar kuzatuv kengashi ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, ta’lim muassasasida telefondan umuman foydalanmaslik taklifi ma’qullangan. 

Avvalroq, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev umumta’lim maktab direktorlari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda «Telefonsiz maktab» tizimini joriy etish, telefondan foydalanmaslik taklifini ilgari surgan va buni amalga oshirganlarni 300 mln so‘m mukofot bilan rag‘batlantirishini aytgan edi. 

Biroq, maktablarda telefondan foydalanishni tartibga soluvchi qoidalar «Telefonsiz maktab» tizimi tashabbusidan ham ancha oldinroq qabul qilingan. 

Jumladan, bunday me’yorlar Vazirlar Mahkamasining 2012 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilab qo‘yilgan. 

Qarorga ko‘ra, ta’lim muassasasiga kirib kelishda har bir ta’lim oluvchi, xodim, keluvchi va boshqa shaxslar o‘z telefoni abonentining chaqiruv ovozini to‘liq o‘chirib qo‘yishi («ovozsiz» rejimga o‘tkazishi) shart. 

O‘quv mashg‘ulotlari va tadbirlar (saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari va shu kabilar) boshlanishidan oldin telefonni to‘liq o‘chirib, portfeli, sumkasi va shu kabilarga solib qo‘yishi kerak. 

Ta’lim oluvchilarga boshqa narsalar qatori, o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida telefon orqali so‘zlashish hamda SMS (MMS) va boshqa turdagi xabarlarni jo‘natish taqiqlanadi. 

Biroq, ta’lim oluvchilar mashg‘ulotlar va tadbirlar oralig‘ida faqat asosli va kechiktirib bo‘lmaydigan zarur holatlarda ota-onasi, yaqin qarindoshlari, ta’lim muassasalarining rahbarlari yoki xodimlari bilan zudlik bilan bog‘lanish maqsadida telefondan foydalanishi, SMS, MMS, Bluetooth, Internet va shu kabilar xizmatidan foydalanishi mumkin. 

Favqulodda vaziyatlar vujudga kelgan taqdirda ta’lim muassasalarida telefondan foydalanish cheklanmaydi. 

Ta’lim muassasasining o‘qituvchilari va boshqa xodimlari ham o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida telefondan foydalanish huquqiga ega emas. 

Qaror talablari buzilgan taqdirda, ta’lim muassasasining har qanday pedagog xodimi ta’lim oluvchidan telefonni olib qo‘yish, bu haqda bildirishnoma rasmiylashtirish va ogohlantirish berish huquqiga ega.

Mavzuga oid