Jahon | 17:26 / 09.03.2024
26170
15 daqiqa o‘qiladi

Kechikkan Hindistondan shu yo‘ldagi O‘zbekiston uchun saboqlar (2-qism, Mumbay)

Mumbay – aholisi 20 milliondan oshadigan, avtoulovlari ham bir necha million, aksar hind millionerlari yashaydigan, qashshoqlari soni ham milliondan oshadigan kam sonli dunyo shaharlaridan biri, atrof-muhitga millionlab tonna chiqindi chiqaradigan megapolis. Kun.uz'ning Hindiston ekologiyasi bo‘yicha mustaqil o‘rganishlari Dehlidan keyin, yana bir havosi ifloslangan shahar – Mumbayda davom etadi.

Xaritalardagi Hindiston

Hind okeani bilan yarim qurshab olingan Hind yarimorolidagi Hindistonning aksar qismi xaritadan qaraganda yam-yashil ko‘rinadi. Bombey ham xuddi shunday tabiat rangi tusida.

Endi dunyoning ekologik xaritasidan bu yarimorolga nazar solsak, ahvol buning teskarisi. Mumbay havosi buzilgan dunyo shaharlaridek qip-qizil rangga bo‘yalgan. Bu tus esa yashash uchun xavfli darajaga ishora.

Mumbay dengizning u qirg‘og‘idagi Dubay, Abu-Dabi kabi shaharlardan deyarli farq qilmaydigan, ulardan qolishmaydigan darajada rivojlangan va port shahar ekanligi foydasiga pul aylanmasi ancha katta.

Britaniya Hindistoni davridan qolgan salobatli arxitektura asarlaridan hozirgi zamonaviy osmono‘par binolargacha har bir detal mukammal uyg‘unlik kasb etadi. Dehliga nisbatan ancha tartibli shahar barcha zaruratlar uchun imkoniyatlar makoni, faqat toza havo masalasida istisnolar ko‘p.

Xarobadagi Dharavi

Sabablarni izlarkanmiz, Mumbaydagi ekologik muvozanatning buzilishida hissadorlardan biri bo‘lgan mavzu ichidagi katta bir mavzudan gapni boshlamasak bo‘lmaydi – Dharavi...

Shahar chetidagi xarobalar joylashgan Dharavi turar joy dahasi dunyoning qashshoqlari eng ko‘p yashaydigan va odamlar eng zich joylashgan hududlaridan biri – 200 gektardan sal oshadigan kichik hududda taxminan 1 mln odam yashaydi. Uylar asosan 1 xonali bo‘lib, o‘rtacha 15 kvadrat metrli xonadonlarda beshdan o‘n besh kishigacha odamlar istiqomat qiladi.

Oqova tizimiga ulanmagan umumiy foydalanuvdagi hojatxonalar suv havzalari qirg‘oqlari va ochiq maydonlarda qurilgan. Kanalizatsiya vazifasini bajarayotgan kanaldagi oqova suvlarining yurmasligi, kamiga bu suvlar ustidagi yarim metrgacha tashlangan chiqindilardan chiqadigan zahar ekologiya uchun katta bir xatar. Qish ko‘rmaydigan Mumbay uchun esa bu gazlar hududda uzluksiz ravishda o‘z-o‘zidan ishlab chiqarilaveradi.

Zich joylashgan aholi ovqat pishirish va boshqa maqsadlar uchun kerosin, ko‘mir yoki o‘tindan foydalanadi. Antisanitar holat misli ko‘rilmagan darajada yuqoriligi va odamlarning bir-biriga o‘ta yaqin joylashuvi turli yuqumli kasalliklarning ham tez tarqalishiga sabab bo‘ladi.

Dharaviliklar asosan juda kam maoshlar evaziga shu mavzedagi kichik-kichik, hatto bir xonali fabrikalarda tikuvchilik, kulolchilik, korxonalarda teri mahsulotlari ishlab chiqarish yoki chiqindini qayta ishlash bilan shug‘ullanishadi. Bu turdagi faoliyatlarning ko‘pligi tufayli ham atmosferada katta hajmda ifloslantiruvchi tutun va gaz emissiyalari kelib chiqadi. Havoning xavflilik darajasi oshaveradi.

Gapiray desangiz, Britaniya mustamlakachiligi tomonidan 1884 yilda teri zavodlari va kambag‘al aholining Mumbay markazidan haydab chiqarilishi evaziga Dharavi xarobalarining paydo bo‘lgani, temiryo‘l yoqasida joylashgan qulaylik ortidan boshqa shtatlardan ham ishchilarning mavzega kelib joylashib qolishgani, mustaqil Hindiston davrida ham haligacha bu hududdagi infratuzilma o‘z holiga tashlab qo‘yilgani va odamlarning o‘zlari imkon qadar o‘zlari uchun sharoit qilib kelishayotgani katta bir tarix.

Shuni ham aytish kerakki, Dharavi faol norasmiy iqtisodiyotga ega bo‘lib, bu yerda katta mablag‘ aylanadi. Tadbirkorlik avjida. Hindistondagi eng savodli qashshoqlar deya aytiladigan dharaviliklarning savodxonlik darajasi 69 foiz. Ishbilarmonligi esa shu darajadaki, ushbu xarobalardagi og‘ir sharoitlarda ishlab chiqariladigan “Dharavi” nomidagi teri mahsulotlari butun dunyo bo‘ylab eksport qilinadi va mashhur nomdor brend sifatida narxlari ham arzon emas.

Daha kino sanoati uchun jonli suratga olish maydoni ham. Dastur avvalida aytilgan “Xarobadan chiqqan millioner” filmidan tashqari so‘nggi 50 yilda Dharavi xarobalarida 20 dan ortiq mashhur kinofilmlar suratga olingan.

Ekoinqirozning boshqa sabablari

Mumbay havosi ifloslanishining hissadorlari turli manbalarda turlicha keltiriladi. Havodan zarar ko‘rayotgan jamoatchilik, ko‘mir energiyasiga tayangan energetik hukumat va “davlat hamma aybni mening mashinalarimga yuklayapti” deb norozi bo‘layotgan transport lobbilari o‘rtasidagi tushunmovchiliklar tufayli yakuniy va aniq raqamlar topish mushkul.

Masalan, “Hindustan Times”ning yozishicha, 2019 yilda Mumbaydagi umumiy emissiyasining 72 foizi uchun qariyb 17 mln tonna karbonad angidrid gazi bilan energiya sektori javobgar bo‘lgan. Megapolisda iste’mol qilinadigan barcha elektr energiyasining 95 foizi to‘liq ko‘mirga asoslanganligini hisobga olsak, ekologiya buzilishidagi bunday zaharlanishdan ajablanmasa ham bo‘ladi. Bunda ulushdorlar sifatida 55 foizdan ortiq uy-joy xo‘jaliklari, 45 foizdan ortiq tijorat va institutsional manbalar hamda 4 foizdan ko‘proq sanoat sektori ayblanadi.

Bundan keyin 4,5 mln tonna emissiya bilan transport sektori shaharning zaharlanishiga 20 foiz hissa qo‘shgan. Bu doirada 45 foiz aviatsiya, 44 foiz transport vositalari, 9 foiz temiryo‘llar va 2 foiz suv yo‘llari sababchi deb ko‘rsatiladi.

8 foizni tashkil qilgan chiqindi sektori esa deyarli 2 million tonna karbonad angidrid chiqargan.

Yana bir omil borki, xayolimizga ham kelmagan bu sabab ortidan ham ekologik zararlanish statistikasi yuritilar ekan. Bu shovqin ifloslanishi. Bu haqda keyinroq batafsil to‘xtalamiz.

Tirbandlikdan zaharlanish

Shahar tez sur’atlar bilan kengayib borayotgani, jamoat transportining shunga mutanosib tashkil etilmayotgani sababli transport vositasiga ega bo‘lish nafaqat maqom belgisi, balki zaruratga aylangan. Davlat transport vazirliginining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, Mumbayda har bir km yo‘lga 430 ta mashina to‘g‘ri keladi va bu miqdor 600 taga yetishi ham mumkin.

So‘nggi yillarda shahar avtomobillari soni karrasiga oshgan va Mumbay yo‘llarining 85 foizini egallagan. Ammo bu davrda avtoulovlarga mos ravishda qo‘shimcha yo‘llar qurilmasdan, umumiy uzunlik 2 ming kmligicha qolib ketgan. Natijada Mumbay Hindistondagi eng avtomobillari zich, tirband shaharga aylangan. Biz yuqorida tilga olgan transport lobbilari esa bu raqamlarni “davlatning o‘z aybini xaspo‘shlashi” deb hisoblaydi.

Metro qurilishimi yoki ekologiya?

Tirbandlikni yechish va ekologik vaziyatni o‘nglashda jamoat transportlariga ustunlik berish yechimlardan biri hisoblanadi. Shu sababli ko‘lami kengayib borayotgan Mumbay shahridagi metro yo‘lining to‘rtinchi tarmog‘i qurilishi jadal sur’atda davom etyapti. Ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan 2023 yilda Mumbayda 6000 ga yaqin qurilish maydonlari mavjud bo‘lib, ularning aksariyati shaharning transport tarmog‘ini yangilash zarurati bilan bog‘liq.

Shaharsozlik norma qoidalariga amal qilinganda jamoatchilik bu mavzuni ko‘tarishmasdi, balki. Oxiri yo‘q bu qurilishlardan havoga ko‘tarilayotgan chang, yog‘och qipig‘i, sement, qum va boshqalardan aziyat chekayotgan xalq ko‘ziga metro ko‘rinarmidi, to‘g‘rimi?

Chiqindidan ifloslanish

Hindiston shaharlari yiliga 100 million tonnadan ortiq qattiq maishiy chiqindilar hosil qiladi. Shaharlardagi chiqindilar 40 foizgacha yig‘ilmagancha qolib ketadi. Umuman mamlakatda ularni qayta ishlash darajasi juda past – 17 foizgina xolos.

Hatto tibbiy chiqindilar ham muntazam ravishda shahar chiqindixonalariga tashlanadi. Ularning teng yarmi noto‘g‘ri ravishda yo‘q qilinadi. Yirik shaharlar yaqinida betartib boshqariladigan poligonlaridagi zaharli gazlar bir yon bo‘lsa, u yerlarning chivin, pashsha, suvarak, kalamush va boshqa zararkunandalar kabi kasallik tashuvchilarni ko‘paytiradigan hududga aylanishi yana bir boshqa muammo.

Shovqin ifloslanishi

Kimlar uchun yangicha tushuncha kasb etadigan bu omilga shaharlarni noto‘g‘ri tashkillashtirish sabab bo‘ladi. Zavodlar va fabrikalarning aholi hududlariga juda yaqinligi, qurilishlarning rejasiz ko‘payishi, yo‘l infratuzilmasidagi xatoliklar sabab avtomobillar tirbandligining oshib ketishi natijasida shaharlarda shovqinlanish darajasi insonning asab, yurak-qon tomir tizimiga salbiy ta’sir qiladigan darajaga yetadi. Hindistonda esa bularga qo‘shimcha doimiy o‘tkaziladigan festivallardagi baland musiqalar, otiladigan petardalar, haydovchilarning ko‘chalarda sabab-besabab mashina signallarini bosaverishi yaxshigina asabingizga tegib, boshqacha aytganda sizni shovqin bilan ham zararlab qo‘yadi.

Kengayib borayotgan shaharlar va ular bilan mutanosib balandlashayotgan shovqin bioxilmaxillikka ham ta’sir qilib, hududlardagi hayvonlarning boshqa joylarga qochib ketishlariga, o‘ljani tutish, yirtqichdan qochish kabi tabiiy jarayonlarning buzilishiga va hattoki ayrim turlarning baland ovozlardan nobud bo‘lishiga ham olib kelishi mumkin.

Hindiston hukumati shahar va qishloq joylarida ruxsat etilgan shovqin darajasi normalarini 2010 yil yanvar oyida e’lon qilgan. Lekin unga amal qiladigan odam deyarli yo‘q.

Kunlardan bir kun...

O‘tgan 2023 yilning 20 oktyabr kuni Mumbaydagi havo holati juda yomonlashadi. Shaharda asfaltlanmagan yo‘llardan chiqadigan zarralardan tashqari ekologiyaning yana bir ashaddiy zararkunandasi – qurilishlardan chiqayotgan changlarni to‘sish uchun o‘sha kuni qurilish maydonlarini balandligi 11 metrli to‘siq bilan qoplash va chang uchishining oldini olish uchun bunday hududlarda kuniga kamida 4-5 marta suv sepadigan purkagichlarni o‘rnatish talab qilinadi.

Shahar ma’muriyati, agar chang va ifloslanishni nazorat qilish choralari ko‘rilmasa, qurilish hududlari yopib tashlanishi mumkinligi haqida ham ogohlantiradi.

Hatto tutun tarqatuvchi hamda chang zarralarini bostiruvchi maxsus mashinalar Mumbay ko‘chalarida ilk marta havo ifloslanishiga qarshi “jangga chiqadi”. Bu turdagi texnikalar so‘nggi yillarda faqat Dehlida ishlatilgan. Ammo bular vaqtinchalik kichik choralargina edi xolos.

Bunday sharoitda odamlardan ertalab va quyosh botgandan keyin zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslik, chiqilganda N-95 sifatli niqobda bo‘lish, astma xuruji borlar dorilarini yonda saqlashlari, imkon qadar uyda qolish, havo tozalagich va konditsionerlardan foydalanish hamda eshik-derazalarni yopiq tutish so‘raladi.

5 foizi o‘ta qashshoq yashayotgan millionlab shahar aholisining havo tozalagich, konditsionerga qodir bo‘lmagan toifasi qish bo‘lmaydigan bu shaharda eshik va derazalarni yopiq holda saqlashi mumkin emas. Ular uchun jaziramada dimiqqandan ko‘ra boy-u kambag‘alga xos bo‘lgan doimiy befarqlikda davom etish “eng to‘g‘ri” va ilojsiz chora.

Bunga har bir jon mas’ul, lekin og‘ir hayot tashvishiga sho‘ng‘igan odamlarga ming bong urilgani bilan bu gaplar qiziqmas. Aniqrog‘i, muhim emas. O‘zaro suhbatlarda mavzu ko‘tarilib qolsa, ular hech bo‘lmasa “bu unchalik yomon holat emas”, “Dehlidagi holat yomonroq-ku” yoki “bu har bir taraqqiy etayotgan shaharning taqdiri yoki bahosi” deya shunchaki befarqlarcha yelka qisishadi. Bu juda ayanchli. Bizga ham tanish bunday holat esa barcha ekologik inqirozga uchragan shahar va davlatlarning eng katta fojiasi aslida.

Ishlamagan qonunlar va “ishlayotgan” hukumat

Hindiston mustaqillikka erishganidan beri:

  • 1974 yilda Suv ifloslanishining oldini olish va nazorat qilish to‘g‘risidagi;
  • 1980 yilda O‘rmonlarni qo‘riqlash to‘g‘risidagi;
  • 1981 yilda Havo ifloslanishining oldini olish va nazorat qilish to‘g‘risidagi;
  • 1986 yilda Atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlar;
  • 2000 yilda Shovqinlarni tartibga solish va nazorat qilish qoidalarini qabul qildi.

Qaror, qonunlar imzolanavergani bilan ularning amalda ishlamasligi bugungi Hindistonni ne holga olib kelganidan xulosa qilavering. Markaziy hukumat tomonidan turli huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan yillarni o‘z ichiga olgan 1947-1990 yillar orasida mamlakatdagi atrof-muhit holati aksiga olib ancha yomonlashdi. Bunday ishlamaydigan qonunlar davlat mustaqilligigacha, ya’ni Britaniya Hindistoni davrida ham bo‘lgan. Ularning foydasi esa yangi atrof-muhit qoidalari yaratilishida bir asos bo‘lgan xolos.

Tobora ko‘payib borayotgan va qishloqlarning asosiy qismini tashkil qiladigan kambag‘al aholining qiyin sharoitda jon saqlab qolishdan boshqa iloji yo‘q edi. Tabiat bilan noto‘g‘ri munosabat, uch mahal ovqat pishirish uchun o‘choqlardan foydalanish, suv qizdirish, sovuqdan isinishda ishlatiladigan o‘tin, maxsus ishlov berilgan sigir go‘ngi, sifatsiz ko‘mir, hosildan keyin ekin maydonlarini yoqish, soxtalashtirilgan yonilg‘ilar sababli atmosfera zaharli gazga bo‘kadi, suvning ifloslanishi yomonlashadi, o‘rmonlar qoplami qisqaradi.

Mumbaydan xulosalar...

Mumbayning ham minbarlarda turib, baland ovozlarda bong urilayotgan kelajak rejalari yo‘q emas. Ularni sanab o‘tirmadik. Ular ham boshqa davlatlarning kelgusidagi ustuvor masalalaridan deyarli farq qilmaydi.

Lekin iqtisodiyotdan farqli o‘laroq, ekologiya faqat davlat boshqaruvining gardaniga tashlab qo‘yiladigan mas’uliyat emas, axloqiy masala hamdir. Axir global isishga nafaqat hukumat, balki fuqarolarning harakatlari ham sabab bo‘lmoqda. Butun jarayonga shunchaki tomoshabin bo‘lib qolmaslik uchun shaxslar, oilalar va jamiyatlar – ya’ni hamma islohni o‘zlaridan va hozirdan boshlashlari lozim.

Kechikkan Hindistondan esa hali imkoni bor O‘zbekistonning oladigan saboqlari ko‘p. Maqsad – shu holga tushmaslik uchun ular qilgan xatolarni takrorlamaslik. Chunki oqibatlar bilan kurashishdan ko‘ra sabablarni o‘rganib, ularni bartaraf qilish ancha manfaatliroq. Oqibatlar bilan bir necha o‘n yildan beri kurashib-kurasholmay kelayotgan dunyoning yana bir havosi buzilgan shahari – Mumbaydagi ayanchli vaziyatga guvoh bo‘ldingiz. Mavzu yakunlanmadi. Keyingi dasturimizda sizlar bilan Kalkutta ekologiyasini o‘rganamiz. Kun.uzʼni kuzatishda davom eting!

Sardorbek Usmoniy,
Hindiston, Mumbay

Mavzuga oid