O‘zbekiston | 12:44 / 14.03.2024
22448
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Prezident Sirdaryo viloyatiga poyezdda yo‘l oldi

Safar asnosida davlat rahbari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov bilan samimiy suhbatlashdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 14 mart kuni Sirdaryo viloyatiga yo‘l oldi.

Safar asnosida davlatimiz rahbari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov bilan samimiy suhbatlashdi. Muloqotda diniy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi ishlar, muborak Ramazon oyining fazilatlari haqida so‘z bordi.

Ma’lumki, 11 mart kuni butun islom ummati qatori  yurtimiz musulmonlari ham bu qutlug‘ oyni xursandchilik bilan kutib oldilar. Ro‘zadorlar mamlakatimizdagi tinchlik va farovonlik sharofatidan ibodatlarini emin-erkin ado etmoqda, buning uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytmoqda. Masjidlarda Qur’oni karim xatm etilib, xalqimizga osoyishtalik, fayzu baraka tilab duolar qilinmoqda.

Muftiy bu ulug‘ ayyomda sabr-qanoat, xayru saxovat fazilatlari ziyoda bo‘lishini, yurtdoshlarimiz buni his qilib, savob amallarni ko‘p qilayotganini aytdi.

Prezidentimiz bu oyni yuksak darajada o‘tkazish, yurtimizdagi tinchlikni qadrlash va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Inson qadrini ulug‘lash maqsadiga muvofiq, xalqimiz manfaatlarini ta’minlash, muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini aytdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish, tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali qishloq aholisi turmushini yuksaltirish muhimligi ta’kidlandi.   Yoshlarni bilim-ma’rifatli va vatanparvar etib tarbiyalash, ularni o‘qishga, mehnatsevarlikka undashning ahamiyati haqida suhbatlashildi.

Mavzuga oid