Iqtisodiyot | 12:22 / 14.03.2024
15114
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

Foto: Kun.uz

Markaziy bank o‘zining 2024 yil 14 martdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish bo‘yicha qaror qabul qildi.

Markaziy bank boshqaruvi iqtisodiyotda talab va taklif mutanosibligiga erishish bo‘yicha noaniqliklar va inflatsiyani oshiruvchi kutilmalarning saqlanib qolayotganligini inobatga olib hamda inflatsiyaning 5 foizlik targetigacha pasaytirish uchun zarur pul-kredit sharoitlarini ta’minlash maqsadida asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Umumiy inflatsiya yil boshidan pasayib, fevral oyida 8,3 foizni tashkil etdi. Biroq, so‘nggi oylarda yuqori talab va bir qator tartibga solinadigan narx va tariflarning oshishi fonida xizmatlar inflatsiyasi tezlashishi kuzatilgan. Bundan tashqari, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari deyarli o‘zgarishsiz, yuqoriligicha qolmoqda.

2024 yil oxirigacha inflatsiya 8−9 foizlik prognoz diapazoni doirasida shakllanishi kutilmoqda. Prognoz davrida tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishi va ularning inflyatsion kutilmalarga ta’siri bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024 yil 25 aprelga belgilangan.

Mavzuga oid