Iqtisodiyot | 14:11 / 14.03.2024
17641
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank uchta bankni jarimaga tortdi

Markaziy bankning bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2024 yilning fevral oyidagi yig‘ilishlarda (8 marta) 31 ta masala ko‘rildi va ularda tegishli qarorlar qabul qilindi.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 18 ta masala, xususan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (3 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (2 ta), kredit tashkilotlarini litsenziyalash (1 ta), mikromoliya tashkilotlari faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritish va hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (3 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (9 ta) kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

O‘rganish natijalari bo‘yicha amaldagi qonunchilik va Markaziy bankning me’yoriy-huquqiy hujjatlari talablariga rioya qilinishi ta’minlanmaganligi sababli 3 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi  qo‘llandi, 6 ta bank va 1 ta ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Bundan tashqari, qo‘mita tomonidan bank tizimi barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish prinsipidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari va mikromoliya tashkilotlari rahbariyatlariga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, ular bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Mavzuga oid