O‘zbekiston | 13:24 / 16.03.2024
17096
5 daqiqa o‘qiladi

Yoshlarga ko‘mak: o‘qish uchun davlatdan qanday yordamlar olish mumkin?

O‘zbekistonda yoshlarning til va IT kabi sohalarni o‘rganishiga davlat moliyaviy jihatdan yordam beradi. Shuningdek, xalqaro imtihonlardan yaxshi natija ko‘rsatganlarga imtihon topshirish pullari kompensatsiya qilinadi.

Til imtihoni uchun to‘lov qaytariladi

Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Buning uchun talabgor ro‘yxati mavjud xalqaro imtihonlardan birida belgilangan talabdagi natijani qayd etgan bo‘lishi kerak. Masalan, IELTS imtihonida kamida 7 ball, koreys tili bo‘yicha TOPIK imtihonida kamida 5-darajani qo‘lga kiritishi kerak.

Balli yetarli bo‘lgan 30 yoshgacha fuqarolar my.gov.uz portali orqali onlayn ariza topshirib, imtihon pulini qaytarib olishlari mumkin. Ariza topshirilgandan so‘ng jami 30 kun davomida ularning sertifikati haqiqiy ekanligi tekshirilib, imtihon puli kompensatsiya qilinadi.

O‘quv kursi puli ham to‘lanishi mumkin

Prezident matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, 2024 yildan boshlab faqat sertifikat puli emas, 6 oygacha muddatlik chet tilini o‘rganish uchun o‘quv kursi puli ham to‘lab beriladi.

Bunda xususiy kurslarda o‘qib, C1 sertifikatini olgan yoshlarga o‘qish xarajatlari to‘lanadi.

Shuningdek, nemis, fransuz, koreys, yapon va xitoy tillari bo‘yicha B2 darajasi sertifikatini olish xarajatlari qoplanadi. Hozirgi tartib bo‘yicha bu til sertifikatlari darajasi ham C1 bo‘lsa, imtihon xarajatlari qoplanayotgan edi.

Hozircha o‘quv kurslarida o‘qiganlik uchun pullar qay tartibda kompensatsiya qilinishi ma’lum qilinmadi.

Prava”ga o‘qish xarajatlari

Yoshlarda avtomaktabda o‘qish xarajatlari uchun kompensatsiya olish imkoni ham bor. Lekin bu imkoniyat faqatgina “Yoshlar daftari”ga kirganlar uchun berilgan. Davlat “Yoshlar daftari”ga kirganlarga avtomaktabda o‘qishlari uchun 4 BHM – 1 mln 360 ming so‘mgacha kompensatsiya qilishi mumkin.

Buning uchun avtomaktabda o‘qishni istagan yoshlar tuman (shahar) yoshlar ishlari bo‘limiga ariza hamda o‘quv kursi shartnomasi nusxasini beradi. Shartnomada ta’lim tashkiloti nomi, STIR, o‘quv kursi yoki kasb-hunar nomi, bir oylik to‘lov miqdori va umumiy muddat ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.

IT o‘rganish uchun subsidiya

Joriy yil 1 martdan boshlab:

  • xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qish hamda ushbu sertifikatlarni olish xarajatlarining 60 foizgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi;
  • ingliz tilini bilish bo‘yicha V2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlar olish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

Subsidiya olish hamda xarajatlarni qoplab berish bo‘yicha davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatilishi belgilangan.

Til bilgan tibbiyotchilarga stipendiya

Tibbiyot yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar uchun shu o‘quv yili boshidan BHMning 3 barobari – 1 mln 20 ming so‘m miqdorida stipendiya berilishi e’lon qilingandi.

Stipendiya olish uchun nomzod tibbiyot oliy ta’lim muassasalari hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari talabasi bo‘lishi, ingliz tilini kamida 7,5 darajada bilishini belgilovchi xalqaro tan olingan sertifikatga (IELTS Academic) hamda nemis va fransuz tilini bilish darajasini belgilovchi S1 xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lishi kerak.

Ishga kirish imkoni

Chet tilini yaxshi biluvchi yoshlarga ma’lumot uchun: Raqamli texnologiyalar vazirligi chet tilini biladigan yoshlarning ishga joylashishiga yordam berishini ma’lum qildi.

Ingliz, fransuz, nemis, koreys, yapon, rus, xitoy va arab tillarini yaxshi biladigan yoshlar IT kompaniyalariga ishga joylashtiriladi. Bunda talabgorning mutaxassisligi muhim emas. Buning uchun so‘rovnomani to‘ldirib, ish uchun ariza berish kerak. So‘rovnoma to‘ldirilgach, ariza egasi bilan bog‘laniladi va unga ishga joylashishga yordam beriladi. 

Mavzuga oid