Jahon | 10:39 / 20.03.2024
9366
2 daqiqa o‘qiladi

Putin «FSB»ga «Rossiya xoinlarini» aniqlashni buyurdi

Razvedka xizmati Ukraina tomonida jang qilayotgan bo‘linmalarga qo‘shilgan Rossiya xoinlarini «nomma-nom aniqlashi» kerak, dedi Rossiya prezidenti. Putin «FSB»ga terrorizmga qarshi ishni kuchaytirishni topshirdi.

Foto: Sergey Guneyev / RIA «Novosti»

Vladimir Putin Federal xavfsizlik xizmatini Ukraina harbiy qismlariga qo‘shilgan mamlakat xoinlarini «nomma-nom aniqlash»ga chaqirdi. «Biz ularni qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, da’vo muddatisiz jazolaymiz», — dedi Rossiya prezidenti 19 mart, seshanba kuni maxsus xizmat hay’ati yig‘ilishida. 

Davlat rahbari o‘z nutqida Ukraina bilan chegaradosh hududlardagi vaziyatga to‘xtaldi. Bir necha kun oldin Rossiya Mudofaa vazirligi, urush tarafdori bo‘lgan blogerlar va ushbu hududlardagi rasmiylar Rossiyaga kirib borishga urinayotgan diversantlar bilan janglar haqida xabar berdi. O‘z navbatida, Putin nafaqat oddiy Ukraina armiyasini, balki «xorijiy yollanma askarlar»ni ham «diversion-terroristik to‘dalar» qatoriga kiritdi. 

Bundan tashqari, davlat rahbari «FSB»ga boshqa maxsus xizmatlar bilan birgalikda terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. «Biz kuchli, xavfli dushman bilan kurashyapmiz, uning arsenalida axborot, texnik va moliyaviy imkoniyatlar keng», - deya tushuntirdi Putin.

Kreml dipmissiyalarning terakt haqidagi ogohlantirishini provokatsiya deb hisoblayapti

Shu bilan birga, prezident bir qator davlatlarning Rossiya Federatsiyasida teraktlar sodir etilishi xavfi haqidagi bayonotlarini tanqid qildi. Putin bunday bayonotlarni «provokatsion» deb atadi va ularni rossiyaliklarni qo‘rqitish niyati bilan taqqosladi. 

AQShning Moskvadagi elchixonasi 7 mart kuni yaqin 48 soat ichida teraktlar sodir etilishi xavfi haqida ogohlantirdi va o‘z fuqarolariga Moskvadagi ommaviy tadbirlarga bormaslikni tavsiya qildi. Ertasi kuni Latviya, Kanada, Janubiy Koreya, Shvetsiya, Germaniya va Chexiya Qo‘shma Shtatlar diplomatik missiyasining ogohlantirishiga qo‘shildi. 

Mavzuga oid