Jahon | 11:55 / 22.03.2024
3704
2 daqiqa o‘qiladi

Bryusselda atom energiyasini qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar sammiti bo‘lib o‘tdi

30 ta davlat rahbarlari butun dunyo bo‘ylab atom elektr stansiyalari tarmog‘ini tez kengaytirishga chaqirdi. Atom energiyasidan voz kechgan Germaniya sammitda qatnashmadi. 

Foto: AP

30 ga yaqin davlat, jumladan Fransiya, AQSh va Xitoy atom elektr stansiyalari tarmog‘ini jadal kengaytirishga ko‘maklashish va AES qurilishini moliyalashtirishni osonlashtirish niyatida. 21 mart, payshanba kuni Bryusselda yadro energetikasi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan birinchi xalqaro sammit yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotda: «Biz atom energetikasi salohiyatini to‘liq ishga solish tarafdorimiz», deyiladi

Hujjatda ta’kidlanishicha, atom elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasiz karbonat angidrid tashlamalarini kamaytirish mumkin emas. Sammit ishtirokchilari nafaqat yangi atom elektr stansiyalarini qurishga, balki mavjudlarining ishlash muddatini uzaytirishga ham chaqirdi. Ular, shuningdek, zamonaviyroq, kichikroq yadroviy reaktorlarni tezroq joriy etish tarafdori. 

Siyosatchilar xalqaro moliya institutlarini, jumladan Jahon bankini yadro energetikasiga ko‘proq yordam berishga chaqirib, taraqqiyotga yordam beruvchi banklar muqobil energiya loyihalarini moliyalashtirishni afzal ko‘rayotganini ta’kidladi. 

Germaniya sammitda qatnashmadi 

Sammitda, jumladan, Fransiya, Niderlandiya hamda Polsha davlat va hukumat rahbarlari, AQSh, Xitoy va Yaponiyaning yuqori martabali vakillari ishtirok etdi. Atom energiyasidan voz kechgan Germaniya anjumanda qatnashmadi. Sammit «Grinpis» xalqaro ekologik tashkilot tomonidan uyushtirilgan norozilik namoyishlari fonida bo‘lib o‘tdi. 

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyo bo‘ylab 415 ta atom elektr stansiyasi ishlamoqda.

2023 yil oxirida bo‘lib o‘tgan xalqaro iqlim konferensiyasida 20 ga yaqin davlat 2050 yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha atom elektr stansiyalari quvvatini uch baravar oshirish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

Mavzuga oid