O‘zbekiston | 14:01 / 27.03.2024
15945
2 daqiqa o‘qiladi

15 foizga arzonlashtirilgan dizel narxi 25 foizgacha ko‘tarildi

12 fevral kungi selektorda berilgan topshiriqdan so‘ng birja savdolarida tonnasi 11,1 mln so‘mgacha arzonlashgan dizel yonilg‘isi narxi shundan keyin o‘tgan vaqt ichida 13,8 mln so‘mgacha yoki 24,7 foizga qimmatlashdi.

Foto: AP

Joriy yil 12 fevral kuni o‘tkazilgan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari «O‘zbekneftgaz» AJga birja savdolariga qo‘yilayotgan dizel yonilg‘isi narxini 15 foizga pasaytirish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Shundan so‘ng, 19 fevral kuni «O‘zbekneftgaz» o‘ziga qarashli neft baza omborlaridan YEVRO-5 SSDF rusumli dizel yonilg‘isining bir tonnasini 11 mln 608 ming 190 so‘mdan arzonlashtirilgan narxlarda birja savdolariga joylashtirib borilishini ma’lum qilgandi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, narxi 15 foizga pasaytirilgan dizel yonilg‘isi ko‘p o‘tmay yana qimmatlashgan.

«Topshiriqdan bir kun o‘tmayoq, 13 fevral kungi birja savdolarida dizel yonilg‘isining tonnasi 11 092,5 ming so‘mgacha arzonlashgan edi. Bu fevral boshida ko‘tarilib ketgan narxlarga nisbatan, masalan, 6 fevral kungi o‘rtacha narxga nisbatan 16,6 foizga arzonlashish yuz berdi, deyishga asos ham bo‘ladi. Fe’lan, topshiriq bajarildi. Lekin keyin-chi?

Amalda, fevral oyi tugamayoq dizel yoqilg‘isi narxlari oshishni boshlagan va shu trend davom etmoqda. Kecha, 26 mart kungi savdolarda 1 tonna dizel yonilg‘isining narxi 13 835,3 ming so‘mgacha ko‘tarilgan. Ya’ni 40 kun ichida topshiriq bajarilishi uchun arzonlashtirilgan dizel, endi 24,7 foizgacha, narxlar arzonlashishidan avvalgidan ko‘ra 8 foizgacha qimmatroq darajaga chiqarib olingan», deya yozdi iqtisodchi.

Avvalroq, 2024 yil 1 aprelidan boshlab birjada dizel yonilg‘isining 1 tonnasi uchun aksiz solig‘i 291 000 so‘mdan 326 000 so‘mgacha oshirilishi xabar qilingandi. Bu ham narxlar yanada qimmatlashishiga ta’sir qilishi mumkin.

Mavzuga oid