Jahon | 12:10 / 30.03.2024
19388
2 daqiqa o‘qiladi

Baltimor ko‘prigini ta’mirlash 1 mlrd dollarga tushishi mumkin

Mutaxassislarning fikricha, vayron bo‘lgan ko‘prikni tiklash bir necha yil davom etishi mumkin.

Foto: Reuters

Amerikaning Baltimor shahrida vayron bo‘lgan Frensis Skott nomidagi ko‘prikni tiklash bir necha yil vaqt va 1 milliard dollargacha mablag‘ni talab qilishi mumkin, deb yozadi Associated Press 29 mart, juma kuni mutaxassislarga tayanib. Avvalroq konteyner tashuvchi kema ko‘prik bilan to‘qnashgan edi.

Jon Xopkins universitetining muhandislik fanlari professori Ben Shafer ta’kidlaganidek, loyiha moliyalashtirish miqdori, yetkazib berish tezligi va ishlar hajmiga qarab besh yildan yetti yilgacha davom etishi mumkin. Boshqa ekspertlarning fikricha, ko‘prikni qayta tiklash 18 oydan 24 oygacha davom etadi va 500 milliondan 1 milliard dollargacha tushadi. 

Hozirda Baltimor porti yopilgan, mahalliy ta’mirlash xizmatlari harbiy muhandislar ishtirokida ko‘prik inshootlarini demontaj qilish bo‘yicha dastlabki ishlarni boshlab yuborgan. 

Baltimor ko‘prigi konteyner tashuvchi kema unga kelib urilganidan keyin quladi 

26 mart, seshanba kuni Baltimor porti yaqinidagi ko‘prik Singapur bayrog‘i ostidagi 300 metrlik konteyner tashuvchi kema tayanchlardan biriga kelib urilishi oqibatida qulab tushdi. Hodisa oqibatida ko‘prik qulash vaqtida uning ustida bo‘lgan olti kishi halok bo‘lgan. Yana ikki kishi qutqarib olindi. 

FTB va AQShning boshqa xavfsizlik idoralari voqeani terrorizm bilan bog‘liq deb hisoblash uchun asos yo‘qligini ma’lum qildi. «Hamma narsa baxtsiz hodisa ro‘y berganini ko‘rsatmoqda», deb hisoblaydi ular. 

Mavzuga oid