Jahon | 12:19 / 02.04.2024
15499
3 daqiqa o‘qiladi

«FSB»: Dog‘istonda ushlanganlar «Krokus»dagi hujumni moliyalashtirgan

«FSB» Dog‘istonda qo‘lga olingan xorijliklar «Krokus»dagi teraktni moliyalashtirish va tayyorlash bilan shug‘ullanganini da’vo qilmoqda.

Foto: Alexander Zemlianichenko/AP/dpa/picture alliance

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati («FSB»)ning 1 aprel, dushanba kuni bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Dog‘istonda bir kun avval qo‘lga olingan xorijliklar «Krokus Siti Xoll»dagi teraktni moliyalashtirish va «terrorchilik vositalari bilan ta’minlash» bilan shug‘ullangan

«Aniqlanishicha, qo‘lga olingan jangarilar 22 mart kuni Moskvadagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir etilgan teraktni moliyalashtirish va ijrochilarga mablag‘lar taqdim etishda bevosita ishtirok etgan», — deya TASS agentligi «FSB» xabaridan iqtibos keltirmoqda. Ushlanganlardan biri so‘roq paytida «Krokus Siti Xoll»ga hujum qilgan terrorchilar uchun Mahachqal’adan Mitishchiga qurol olib kelganini aytdi, deb yozadi TASS.

Bundan tashqari, maxsus xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olingan to‘rt nafar xorijlik Kaspiyskda terakt tayyorlagan. Dog‘istonda ushlanganlar «hududda razvedka o‘tkazgan, qo‘lbola portlovchi qurilma yasagan va avtomatik qurol sotib olgan», deb ta’kidlaydi «FSB».

Dog‘istonda terrorchilikda gumonlanganlarning qo‘lga olinishi

31 mart, yakshanba kuni ertalab Dog‘istonda maxsus xizmatlar o‘tkazgan operatsiya vaqtida uch nafar qurolli shaxs qo‘lga olindi. Ulardan qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va foydalanishga yaroqli qo‘lbola portlovchi moslama musodara qilindi. Milliy aksilterror qo‘mitasi (MAQ) ma’lum qilishicha, ular terrorchilik hujumlarini rejalashtirgan.

Mahalliy vaqt bilan soat 05:30 lar atrofida Kaspiysk shahri va Dog‘iston poytaxti Mahachqal’aning ikki tumanida aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etildi. Operatsiyada ayrim hududlar o‘rab olingan, bir qator uylar aholisi evakuatsiya qilingan. Operatsiya davomida, MAQ ma’lumotlariga ko‘ra, maxsus kuchlar terrorchilar deb taxmin qilinganlarning to‘sib  qo‘ydi. Tushga yaqin ikki shaharda aksilterror operatsiyasi bekor qilindi.

«Krokus Siti Xoll»ga hujum

Moskva yaqinidagi Krasnogorskda «Krokus Siti Xoll» binosiga hujum 22 mart kuni kechqurun sodir bo‘ldi. Qurollangan odamlar binoga bostirib kirib, avtomatlardan o‘t ochgan, bir necha portlashlar eshitilgan va yong‘in boshlangan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida 144 kishi halok bo‘lgan, yana 551 kishi jarohatlangan.

Hujum uchun javobgarlikni IShID terror tashkiloti o‘z zimmasiga oldi. Shu bilan birga, Rossiya rahbariyati teraktga Ukrainaning aloqadorligini taxmin qilmoqda. Kiyev, shuningdek, g‘arb davlatlari, jumladan AQSh va Germaniya bu ayblovlarni rad etadi.

Mavzuga oid