O‘zbekiston | 21:06 / 09.04.2024
6087
5 daqiqa o‘qiladi

9 aprelning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Prezidentning Jizzaxdagi takliflari, Ramazon hayiti kunlaoi poytaxtda transport harakatidagi o‘zgarishlar, ekofaollarning sharlar shousiga e’tirozi, Qashqadaryoda pora bilan qo‘lga tushgan prokuratura tergovchisi - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.

Bugun prezidentning Jizzax viloyatiga tashrifi davom etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan yig‘ilishda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Jizzaxda tomorqalarni ishga solish bo‘yicha 309 ta mahallaga lider tadbirkor – eksportchilar biriktirilishi belgilandi.

Lider tadbirkor – eksportchi uchun har bir mahalla ixtisoslashuvidan kelib chiqib tomorqada 50 million so‘m daromad qiladigan moliyaviy xizmat paketi ishlab chiqiladi. Bu borada banklar lider tadbirkorlarga aylanma uchun 3 yil muddatga 1,5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratadi.

Avtomobilsozlik sohasiga 1 mlrd dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilyapti. Prezident kooperatsiya asosida 365 turdagi butlovchi qismlar chiqarishni yo‘lga qo‘yib, mahalliylashtirish darajasini 50 foizga yetkazish muhimligini qayd etdi.

Jizzaxda M-39 yo‘lining chetida bo‘sh turgan yerlar tadbirkorlarga taklif etiladi. Shu orqali 20 ming aholini doimiy band qilish rejalashtirilmoqda.

Sentyabrdan boshlab Sharof Rashidov, Paxtakor, Do‘stlik va Mirzacho‘l tumanlarini Jizzax shahri bilan bog‘lovchi «Irjar – Do‘stlik – Jizzax» yo‘nalishida teplovoz qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Hayit kunida jamoat transporti butun respublikada bepul bo‘lmaydi

10 aprel Ramazon hayiti kunida respublikadagi barcha jamoat transporti soat 04:00 dan 10:00 gacha bepul qilinishi xabar berilgan edi. Ammo Transport vazirligi kunning bu vaqtlarida faqat Toshkent shahridagi avtobus hamda metrolar yo‘lovchilarga tekin xizmat ko‘rsatishini ma’lum qildi.

Vazirlikning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Toshkentdan boshqa barcha hududlarda yo‘lovchi tashish xizmati bilan tadbirkorlar shug‘ullanadi. Shuning uchun poytaxtdan tashqari qolgan viloyatlarda Ramazon hayiti kuni yo‘lkira bepul qilinishi tavsiyaviy xarakterga ega.

Shuningdek, 9 aprel kuni soat 17:00 dan 10 aprel soat 17:00 gacha Toshkent shahriga yuk avtomashinalarining kirishi va shaharda yuk avtomashinalarining harakatlanishi to‘liq cheklanishi xabar qilindi.  

KUN RAQAMI

O‘zbekistonda 120 mingdan ortiq kishining hujjatlari mavjud emasligi aniqlandi. Adliya vazirining 2024 yil 18 yanvardagi tegishli buyrug‘i bilan joriy yil 20 yanvardan 1 aprelga qadar «Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi» huquqiy aksiyasi o‘tkazildi. 

Faollar Toshkentda o‘tadigan sharlar shousini bekor qilishni so‘rashmoqda

Hayit bayrami munosabati bilan 10 aprel kuni Ashxobod sayilgohida 20 mingta pufak (sharlar) yog‘dirilishi kutilmoqda. Ekofaollarning fikricha, bu tadbir sabab tabiat va hayvonot dunyosiga jiddiy zarar yetishi mumkin. Jamoatchilik Ekologiya vazirligi hamda Ekopartiyadan plastik chiqindilardan bayram tadbiri o‘tkazishni cheklashni so‘ramoqda. Partiya holat bo‘yicha bog‘ ma’muriyatiga xat yubordi.

Deputatlar o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga oid qonunni qabul qildi

Senat tasdig‘iga yuboriladigan mazkur qonun qariyb 4 mln fuqarolarga bevosita daxldor ekani aytilgan.

Qonunchilik palatasining avvalgi majlisida mazkur qonun 3,8 milliondan ortiq fuqaroning 493 ming gektarga teng yer uchastkalari taqdirini belgilab berishini aytilgan edi.

KUN FAKTI

O‘zbekistonda 2024 yilning 1 fevral holatiga 305 ming 976 ta mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyat ko‘rsatmoqda — Statistika agentligi. Korxonalar eng ko‘p joylashgan hududlar:

Toshkent shahri – 78 366 ta; Toshkent viloyati – 30 989 ta; Samarqand viloyati – 23 456 ta; Farg‘ona viloyati – 22 781 ta; Buxoro viloyati – 21 143 ta; Andijon viloyati – 20 570 ta; 

Xorijdan qaytgan mehnat migrantlarini ishga qabul qilganlarga bir yil davomida subsidiya to‘lanadi

Yangi tartib 1 iyundan kuchga kiradi. Unga ko‘ra, ish bilan ta’minlangan har bir xodim uchun oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi. Mablag‘lar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan qoplanadi

Qashqadaryoda prokuratura tergovchisi 5 ming dollar pora bilan ushlandi

Tergovchi o‘z ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanayotgan shaxsga yengillik qilib berish evaziga pul talab qilib olgan

Telegram orqali soxta havola jo‘natib, o‘zganing pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi

Surxondaryo viloyati Denov tumanida yashovchi 36 yoshli V.F. IIOga murojaat etib, bank kartasidan 680 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganini ma’lum qilgan

Toshkentda yo‘lovchining qo‘lini qisib qolgan holda harakatlangan avtobus haydovchisi ishdan ketdi

«Toshshahartransxizmat»ga ko‘ra, holat 4 aprel sanasida haydovchining ehtiyotsizligi sabab yuzaga kelgan. Yo‘lovchi tushib ulgurmasidan avtobus eshiklari yopilgan va fuqaroning qo‘li qisib qolingan holda transport harakatlangan.

Mavzuga oid