Jahon | 20:17 / 13.04.2024
6216
2 daqiqa o‘qiladi

Ostona xalqaro forumi suv toshqinlari tufayli qoldirildi

Tejalgan mablag‘lar mamlakatdagi halokatli suv toshqinlari oqibatlarini bartaraf etish va jabrlangan fuqarolarga yordam ko‘rsatish uchun sarflanadi.

Foto: Turar Kazangapov / Reuters

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev an’anaviy Ostona xalqaro forumini o‘tkazmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qayd qilinishicha, mamlakatdagi halokatli suv toshqinlari oqibatlarini bartaraf etish va jabrlangan fuqarolarga yordam ko‘rsatish uchun boshqa tadbirlarga sarflanadigan mablag‘larni tejash maqsadida joriy yilning 13-14 iyun kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan tadbir 2025 yilga ko‘chirilgan.

Prezident forumga taklif etilgan mehmonlar bu qarorni to‘g‘ri tushunishiga ishonishini aytdi.

So‘nggi kunlarda Qozog‘istonda halokatli suv toshqinlari kuzatilmoqda. Davlat rahbari buni «so‘nggi 80 yillikdagi eng yirik tabiiy ofat», deb izohladi. Minglab uylar suv ostida qolgan, o‘nlab aholi yashash manzillari tashqi dunyodan uzilib qolgan.

Ostona xalqaro forumi (OXF) xalqaro va mintaqaviy muloqot platformasi va shtab-kvartirasi Qozog‘istonning Ostona shahrida joylashgan notijorat tashkilotdir. Ilgari Ostona iqtisodiy forumi deb atalgan ushbu forum Qozog‘iston hukumati tomonidan 2008 yildan buyon o‘tkaziladi.

Mavzuga oid