Jahon | 07:45 / 16.04.2024
14443
3 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu Eronga javob uchun nishonlar ro‘yxatini tayyorlashni buyurdi

Isroil harbiy vazirlar mahkamasi yig‘ilishida Tehronning keng ko‘lamli havo hujumiga javob bo‘lishi mumkin bo‘lgan «bir qator harbiy va diplomatik variantlar» muhokama qilindi.

Foto: Israeli Government Press Office/Anadolu/picture alliance

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil mudofaa kuchlaridan Isroilning Eron yirik havo hujumiga javob qaytarishi mumkin bo‘lgan nishonlari ro‘yxatini tayyorlashni so‘radi. Bu haqda The Washington Post gazetasi 15 aprel, dushanba kuni ushbu mavzu muhokamasi bilan eng yuqori darajada tanish bo‘lgan ismi oshkor etilmagan amaldorga tayanib yozdi.

Suhbatdosh so‘zlariga ko‘ra, Isroil «signal yuborishi» mumkin bo‘lgan, ammo qurbonlar keltirmaydigan variantlarni ko‘rib chiqmoqda. Bu variantlar orasida Tehrondagi obektga ehtimoliy zarba yoki kiberhujum kiradi, dedi manba. «Hamma Isroil javob berishi kerak degan fikrga qo‘shiladi. Gap - qanday javob berish, qachon javob berishda», - deya qo‘shimcha qildi u. 

Isroil Eron hujumiga javobni AQSh bilan muvofiqlashtiradi

Ayni paytda, Amerikaning NBC News telekanali o‘zining isroillik manbasiga tayanib xabar berishicha, Isroil harbiy vazirlar mahkamasining bir necha soat davom etgan yig‘ilishida «bir qator harbiy va diplomatik variantlar» muhokama qilingan. Shu bilan birga, telekanal suhbatdoshi so‘zlariga ko‘ra, «har qanday javob (Eronning Isroilga hujumiga) amerikaliklar bilan kelishib olinadi».

Shu kuni, 15 aprelda Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifingda AQSh Milliy xavfsizlik kengashi spikeri Jon Kirbi prezident Jo Bayden ma’muriyati iqtisodiy bosimni kuchaytirish orqali Eronni yanada xalqaro yakkalanishiga erishish ustida ishlashda davom etayotganini aytdi. «Bu natija. Kuchli Isroil, zaif Eron, hamkorlarning yanada jipslashgan ittifoqi», - deya xulosa qildi Kirbi. 

Vazminlikka chaqiriqlar

Eron 14 aprelga o‘tar kechasi Isroilga 300 dan ortiq uchuvchisiz uchoq va raketalarni uchirgach, AQSh, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda Isroilning Yevropa va Yaqin Sharq mintaqalaridagi ittifoqchilari vazminlikka chaqirdi.

«Eng to‘g‘ri holat - keskinlashuvga bormaslik, - dedi, xususan, Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron. - Biz ularni do‘stlar sifatida aqlli bo‘lishga chaqiramiz va hujum muvaffaqiyatsiz bo‘lgani uchun Eron mag‘lubiyatga uchraganini tan olish kerak». 

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham fransuz radiostansiyasiga bergan intervyusida shunday fikr bildirdi: «Barchamiz ehtimoliy keskinlashuvdan xavotirdamiz». 

WP gazetasi suhbatdoshi nuqtayi nazaridan, Isroil o‘z sa’y-harakatlarini uzoq muddatli maqsadlarga qaratishi kerak - masalan, Eronga qarshi kurashish uchun yangi ittifoq yaratish. «Bu yerda bizni chalkashtirib yuborish mumkin emas. Eron urushni kuchaytirdi, ammo Isroil unga qarshi mintaqaviy va global frontni kuchaytirishi kerak», dedi u. 

Mavzuga oid