O‘zbekiston | 18:25 / 22.04.2024
10208
2 daqiqa o‘qiladi

«Metan-shoxobchalarda gaz narxi 1 maydan oshmaydi» – Energetika vazirligi mas’uli

Energetika vazirligi matbuot kotibi agar shu vaqt oralig‘ida qaysidir hududda AGTKSlardagi gaz narxi oshirilsa, fuqarolardan Bosh prokuratura va O‘zenergoinspeksiyaga murojaat qilishni so‘radi.

1 maydan O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar kuchga kiradi. Unga ko‘ra, 2024 yil 1 iyunidan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) uchun 1 kub metr tabiiy gaz 1800 so‘mdan yetkazib beriladi. Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayevning 22 aprel kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda ma’lum qilishicha, metan zapravkalarda narxlar 1 iyunga qadar oshmaydi.

«1 maydan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida narx oshirilmaydi. Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 mart kuni qabul qilingan 173-sonli qaroriga ko‘ra, metan zapravkalarda sotiladigan 1 kub metr tabiiy gazning narxi qat’iy belgilab berilgan. Bu 1 iyun sanasiga qadar 3350 so‘mni tashkil qiladi», – dedi u.

Hasan Toshxo‘jayev agar qayerdadir narx oshadigan bo‘lsa, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan tegishli organlarga murojaat qilishlarini so‘radi. Uning ta’kidlashicha, bosh prokuratura, O‘zenergoinspeksiya xodimlari mazkur masala bilan jiddiy shug‘ullanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi "Yoqilg‘i energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga 1 kub metr tabiiy gaz 1 maydan 1500 so‘mdan, 1 iyundan esa 1800 so‘mdan yetkazib beriladi. Shuningdek, metan AGshlarga 2025 yil 1 apreldan gaz 2500 so‘mdan yetkazib berilishi belgilangan.

Mavzuga oid