Iqtisodiyot | 10:34 / 22.04.2024
6112
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda mart oyida uy-joy ijara narxlari pasayishda davom etdi

Toshkent shahrida ijara narxlari pasayishda davom etmoqda. 2024 yil mart oyida poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar ijara narxida fevral oyiga nisbatan o‘rtacha 0,61 foizga, to‘liq ta’mirlangan uy-joylar ijara narxida esa o‘rtacha 0,76 foizga tushish kuzatildi.

Foto: Kun.uz

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2024 yilning mart oyida Toshkent shahrida taklif etilgan uy-joy ijara narxlarini tahlil qildi.

Toshkent shahrida ijara narxlari pasayishda davom etmoqda. 2024 yil mart oyida poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan turkumdagi xonadonlar ijara narxlarida fevral oyiga nisbatan o‘rtacha 0,61 foizga, to‘liq ta’mirlangan turkumdagi uy-joylar ijara narxlarida esa o‘rtacha 0,76 foizga tushish kuzatildi.

O‘rtacha ta’mirlangan uy-joy ijarasi. 2024 yil mart oyida ushbu sinfdagi 1 xonali xonadonlar uchun taklif etilgan ijara narxlari o‘tgan fevral oyiga nisbatan o‘rtacha 0,6 foizga pasayib, 391 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2 xonali xonadonlar ijara narxlari esa 1,2 foizga arzonlab, o‘rtacha 436 dollargacha tushdi. Shuningdek, o‘rtacha ta’mirlangan 3 va 4 xonali uylar ijara narxlari mos ravishda 0,2 foiz va 0,4 foizga pasayib, o‘rtacha narxlar 513 va 591 dollarni tashkil etdi.

O‘rtacha ta’mirlangan turkumdagi uylar uchun nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali - $354, 2 xonali - $386 ,3 xonali - $435, 4 xonali - $441), Olmazor (1 xonali - $359, 2 xonali - $414, 3 xonali - $454, 4 xonali - $489) tumanlarida taklif etilgan bo‘lsa, ushbu turkumdagi eng qimmat ijara narxlari Mirobod (1 xonali - $463, 2 xonali - $518, 3 xonali - $620, 4 xonali - $819) va Shayxontohur (1 xonali - $437, 2 xonali - $456, 3 xonali - $537, 4 xonali - $624) tumanlarida kuzatildi.

To‘liq ta’mirlangan uylar ijara narxlari. Mart oyida to‘liq ta’mirlangan 1 xonali uylar uchun o‘rtacha ijara narxlari 472 dollarni tashkil etib, o‘tgan fevral oyiga nisbatan 0,8 foizga tushgan bo‘lsa, 2 xonali uylar uchun ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda $644 va 1,1 foizni tashkil etgan. Shuningdek, 3 xonali uylar uchun taklif etilgan o‘rtacha ijara narxlarida ($788) ham biroz (0,3 foiz) tushish kuzatildi. To‘liq ta’mirlangan 4 xonali uylar o‘rtacha ijara narxlari ham 0,9 foiz tushib, 909 dollargacha pasaygan.

To‘liq ta’mirlangan turkumdagi uylar uchun eng arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali - $394, 2 xonali - $449, 3 xonali - $556, 4 xonali - $646) va Uchtepa (1 xonali - $396, 2 xonali - $496, 3 xonali - $622, 4 xonali - $646) tumanlarida hamda ushbu turkumdagi  eng qimmat ijara narxlari Mirobod (1 xonali - $567, 2 xonali - $844, 3 xonali - $1024, 4 xonali - $1097) va Shayxontohur (1 xonali - 556$, 2 xonali - $845, 3 xonali - $1050, 4 xonali - $1024) tumanlarida kuzatildi.

Mavzuga oid