Jamiyat | 17:44 / 23.04.2024
102715
2 daqiqa o‘qiladi

Xonanda Botir Qodirov otalikni belgilash yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritdi

Marhum san’atkor Sherali Jo‘rayevning farzandlari Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayev sud ishida javobgar sifatida ishtirok etmoqda.

Foto: Kun.uz

Xonanda Botir Qodirov otalikni belgilash da’vosi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgan, deb xabar berdi Kun.uz'ga Toshkent shahar sudi.

Ma’lum qilinishicha, Botir Qodirovning da’vo arizasi sudga 2024 yilning 19 mart kuni kelib tushgan. Ishni ko‘rish 15 aprelga belgilangan. Javobgar vakili ish bilan tanishish uchun ishni ko‘rishni boshqa kunga qoldirishni so‘ragani sababli navbatdagi sud majlisi 23 aprelga qoldirilgan.

23 aprel, seshanba kungi sud majlisida da’vogar vakilining ko‘rsatmasi eshitilib, guvohlarni ishga jalb etish va qo‘shimcha dalillarni (fotosuratlar, dalolatnoma yozuvi va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning asl nusxasini) talab qilib olish uchun ishni ko‘rish 2 mayga qoldirilgan.

Da’vo arizaga Adliya vazirligi huzuridagi Hadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi mutaxassisining 2023 yil 29 sentabridagi fikri ilova qilingan. Ilovada Halimjon Nurmatov va Qodirov Botir Sheraliyevichning amaki-jiyan ekani bo‘yicha fikr berilgan.

Yangiyo‘l tumani FHDYo bo‘limi tomonidan 2008 yil 26 fevral kuni familiyasini “Jo‘rayev”dan “Qodirov”ga, otasining ismini “Sherali o‘g‘li”dan “Sheraliyevich”ga o‘zgartirgani haqidagi 46- va 48-sonli ilovalar sudga taqdim etilgan.

Mavzuga oid