Jamiyat | 09:51 / 24.04.2024
19692
2 daqiqa o‘qiladi

“Tormozida nosozlik yuzaga kelgan” – Boysundagi mudhish YTH bo‘yicha ma’lumot berildi

Nishablikdan tushayotganda tormozi ishlamay qolgan Damas haydovchisi yo‘lning xavfli burilish qismiga kelganida boshqaruvni yo‘qotgan hamda mashina pastga qulagan. 6 kishi halok bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Foto: Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB

Boysundagi mudhish YTHga Damas mashinasining tormoz tizimida nosozlik yuzaga kelgani sabab bo‘lgan. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB rasmiy ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, YTH 21 aprel kuni 17:30lar atrofida Surxondaryo viloyatining Boysun tumani Inkabod mahallasi hududidan o‘tuvchi mahalliy ahamiyatga ega “Boysun-Duoba” 4N-1613 avtomobil yo‘lning 7 kilometrida sodir bo‘lgan. 1974 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi Damas mashinasi tuman markazi tomon bir necha km tik nishablikda harakatlanib borishi oqibatida uning tormoz tizimida nosozlik yuzaga kelgan. Yo‘lning xavfli burilish qismiga yetib kelganida haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan hamda mashina yo‘ldan chiqib ketib, shu yaqin atrofdagi hovli uylarning molxonasiga borib urilgan.

Hozirda holat yuzasidan Boysun tumani IIB Tergov guruhi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Harakat ishtirokchilariga tog‘li hududlarga sayohatga borishda belgilangan talablarga rioya qilish, transport vositasining texnik holatidan xabardor bo‘lib, yetarlicha malakaga ega bo‘lgan haydovchilar xizmatidan foydalanishlari tavsiya etiladi”, deyiladi xabarda.

Avvalroq Kun.uz o‘z manbalariga tayanib, Boysunda ichida 9 kishi bo‘lgan Damas mashinasi jarlikka tushib ketgani va 6 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergandi. YTH oqibatida 6 kishi – 3 ayol va ularning bittadan farzandi voqea joyida vafot etgan. Halok bo‘lgan bolalarning bittasi 14 yoshli yigit, ikkitasi esa 8 va 9 yoshli qizlar.  

Mavzuga oid