Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
Markaziy bank asosiy ssenariy bo‘yicha 2024 yildagi umumiy inflatsiya prognozini 9-11 foizgacha oshirdi. Bu tartibga solinadigan narxlarning to‘g‘rilanishi va aprel oyidan bir qator tovar va xizmatlarga QQS joriy etilishi bilan izohlangan.
Markaziy bank boshqaruvi 2024 yil 25 apreldagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Rasmiy relizda ta’kidlanishicha, iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarga fundamental monetar omillar ta’siri bosqichma-bosqich kamayib bormoqda. Shu bilan birga, joriy yil 1 maydan ayrim tartibga solinadigan tariflarning erkinlashtirilishi umumiy inflatsiyaga bir martalik ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Markaziy bank boshqaruvi inflatsiyaning yangilangan prognoz koridorining yuqori chegaralariga nisbatan ham joriy pul-kredit sharoitlari nisbatan qat’iy fazada shakllanganini inobatga olib, asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Umumiy inflatsiya yil boshidan pasayishda davom etib, mart oyida yillik 8 foizni tashkil etdi. Bunda, oziq-ovqat tovarlari inflatsiyasida sezilarli pasayish kuzatilgan. Tashqi oziq-ovqat bozorlaridagi narxlar dinamikasi import inflatsiyasiga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatgan.
“Iqtisodiyotda yuqori talabning saqlanib qolayotgani hamda ayrim tartibga solinadigan narxlar va tariflarning oshirilishi sharoitida xizmatlar inflatsiyasi so‘nggi oylar davomida barqaror o‘sib bormoqda. Bazaviy inflatsiya sezilarli sekinlashib, mart oyida yillik 7,6 foiz va yil boshidan umumiy inflatsiya darajasidan pastroq shakllandi”, deyiladi regulyator izohida.
Qayd etilishicha, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari inflatsiyaning joriy va prognoz darajasidan yuqoriligicha qolmoqda. Shu bilan birga, tartibga solinadigan narxlarning to‘g‘rilanishi va aprel oyidan bir qator tovar va xizmatlarga QQS joriy etilishi ta’sirida inflyatsion kutilmalar dinamikasi yuqorilashi mumkin.
“Yuqoridagi omillarni hisobga olib yangilangan makroiqtisodiy prognozlarga ko‘ra, asosiy ssenariy bo‘yicha 2024 yilda umumiy inflatsiya prognozi 9-11 foizgacha oshirildi. Prognoz koridorining nisbatan kengligi, tariflar oshirilishi munosabati bilan aholiga taqdim etiladigan bir martalik to‘lovlar, ijtimoiy norma va ikki oylik imtiyozli davr mazkur o‘zgarishlar ta’sirini yumshatish imkonini berishi hamda hozirgi paytda ushbu o‘zgarishlarning aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalariga ta’sirini baholash murakkabligi bilan izohlanadi. Bazaviy inflatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasida qolishi bo‘yicha mustahkam kutilmalar shakllanib, yil yakunida 7-8 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda”, deyilgan Markaziy bank press-relizida.
Izohlanishicha, umumiy inflatsiya prognozini yangilanishi tartibga solinadigan narxlar oshishining pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarida keltirilgan makroiqtisodiy prognozlarida inobatga olingan dastlabki darajasidan yuqoriroq bo‘lishi bilan bog‘liq. Biroq, ushbu o‘zgarishlarning iqtisodiyotdagi narxlarga ta’siri bir martalik xarakterga ega bo‘lib, iste’mol talabini ma’lum darajada pasaytirishi orqali o‘rta muddatli istiqbolda inflatsiyaning pasayuvchi trendiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.
Hukumat tomonidan iqtisodiyotda yalpi taklifni oshirishga va inflatsiyani pasaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, uzoq muddat davomidagi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining yig‘ilgan ta’sirlari inflyatsion jarayonlarni jilovlashga xizmat qiladi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning birinchi choragida iqtisodiyotning o‘sish sur’ati 6,2 foizgacha tezlashdi. Xizmat ko‘rsatish, chakana savdo aylanmasi va qurilish sohalaridagi yuqori o‘sish sur’atlari, shuningdek, ishlab chiqarish va tog‘-kon sanoati sohalarida investitsion faollikning oshishi kuzatilgan.
Mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshib bormoqda. Biroq, ishchi kuchi taklifida ma’lum segmentatsiya mavjud bo‘lib, yuqori malakali sohalarda talabning to‘liq qondirilmayotganligi kuzatilmoqda. Bu esa, tegishli sohalarda ish haqlarining yuqoriroq o‘sishiga olib kelmoqda.
So‘mning real almashuv kursi dinamikasi yil boshidan 0,9 foizga qadrsizlanib, uzoq muddatli trendi doirasida shakllandi. Tashqi savdo hamkorlar milliy valutalari kurslari va inflatsiyalari bo‘yicha prognozlarni inobatga olganda real almashuv kursiga nisbatan bosimlar kuzatilmayapti.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, YaIM o‘sishi yil yakuniga 5,2-5,7 foiz oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda. Amaldagi pul-kredit sharoitlarining qat’iylik darajasi, ijobiy real bozor stavkalarini ta’minlash orqali iqtisodiyotda kreditlash hajmlarining bosqichma-bosqich mo‘’tadillasha boshlagani va depozitlar o‘sishining tezlashishida namoyon bo‘lmoqda.
Kelgusi choraklarda bank tizimining umumiy likvidligi tarkibiy profitsit sharoitidan bosqichma-bosqich tarkibiy defitsit fazasiga o‘ta boshlashi va mazkur tarkibiy o‘zgarishlar pul-kredit operatsiyalari orqali to‘g‘rilanib borishi kutilmoqda.
Ayni paytda, bazaviy inflatsiyaning prognoziga erishish bo‘yicha xatarlar kuchayib, kelgusi davrlarda aholining inflyatsion kutilmalarida sezilarli o‘sish kuzatilgan taqdirda pul-kredit sharoitlarini o‘zgartirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.
Markaziy bank inflatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar sur’atlariga alohida e’tibor qaratadi.
Mavzuga oid
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi
11:23 / 01.11.2024