Jahon | 08:34 / 26.04.2024
4002
3 daqiqa o‘qiladi

18 mamlakat yetakchilari HAMASni garovdagilarni ozod qilishga chaqirdi

18 davlatning qo‘shma bayonotida garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv zudlik bilan va doimiy o‘t ochishni to‘xtatishga olib kelishi hamda qo‘shimcha insonparvarlik yordamini osonlashtirishi aytilgan.

Foto: Amir Levy/Getty Images

AQSh, Germaniya va yana 16 davlat Falastinning HAMAS tashkilotini G‘azo sektorida 200 kundan ortiq garovda ushlab turilganlarni ozod qilishga chaqirdi. Bu haqda 25 aprel, payshanba kuni Oq uy saytida chop etilgan qo‘shma bayonotda aytiladi.

AQSh prezidenti Jo Bayden va Germaniya kansleri Olaf Sholsdan tashqari uni Avstriya, Argentina, Braziliya, Bolgariya, Britaniya, Vengriya, Daniya, Ispaniya, Kanada, Kolumbiya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Serbiya, Tailand va Fransiya rahbarlari imzoladi.

«Biz G‘azoda 200 kundan ortiq vaqtdan beri HAMAS tomonidan garovda ushlab turilgan barcha shaxslarni zudlik bilan ozod qilishga chaqiramiz. Ular orasida fuqarolarimiz ham bor. G‘azoda garovga olinganlar va xalqaro huquq himoyasida bo‘lgan tinch aholining taqdiri xalqaro miqyosda tashvish uyg‘otmoqda», - deyiladi bayonotda. 

Hujjatda qayd etilishicha, bunday kelishuv zudlik bilan va doimiy o‘t ochishni to‘xtatishga olib keladi, qo‘shimcha insonparvarlik yordami hajmini oshirishga yordam beradi va harbiy harakatlarni tugatishga turtki bo‘ladi. 

«Biz yana bir bor HAMASni garovga olinganlarni ozod qilishga va inqirozni hal etishga chaqiramiz, shunda diqqatimizni mintaqada tinchlik va barqarorlik o‘rnatishga qaratishimiz mumkin», dedi 18 davlat yetakchilari. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 34 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid