Jamiyat | 18:22 / 04.05.2024
7252
5 daqiqa o‘qiladi

Katta xavf ostidagi piyodalar yo‘lagi – Davlatobodda insonlar hayoti o‘yinchoqmi?

Namangan shahri Davlatobod tumanida yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i ostida piyodalar yo‘lagi hamda xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilmoqda. Kun.uz surishtiruvidan so‘ng Namangan viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi holat bo‘yicha izoh berib, ushbu yer uchastkalari tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan auksionda sotib olinganini bildirdi. Ammo boshqarma kelajakda bu yerda to‘planadigan insonlar xavfsizligi qanday ta’minlanishiga to‘xtalmagan.

Namangan viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi Namangan shahri Davlatobod tumanida yuqori kuchlanishli elektr energiyasi tarmog‘i ostida servis va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilish holati bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. Boshqarma o‘z munosabatida go‘yoki barchasi qonuniy amalga oshirilayotganini ta’kidlagan.

“2021 yil 3 avgustda Vazirlar Mahkamasining “Ko‘chma savdo faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish hamda savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur qarorning 1-ilovasiga asosan “Ko‘chma savdoni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan.

Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llanadi:

vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi;

ko‘chma savdo joyi — ko‘chma savdo obektining “K-SAVDO” AATda ro‘yxatdan o‘tishda ko‘rsatilgan hududiy joylashgan joyi;

ko‘chma savdo obektlari — 100 kvadrat metr maydondan ko‘p bo‘lmagan, vaqtinchalik asosda joylashtirilgan va (yoki) mavsumiy xususiyatga ega bo‘lgan, shuningdek, istalgan vaqtda boshqa joyga oson ko‘chirish va yig‘ish mumkin bo‘lgan ko‘chma savdo obektlari (lotoklar, palatkalar, savdo aravalari, peshtaxtalar, avtodo‘konlar, avtotirkamalar, avtosisternalar, fudtraklar, tonarlar, savdo avtomatlari, mobil konteynerlar, yengil konstruksiyalar, shu kabi va shunga o‘xshash boshqa ko‘chma savdo obektlari), deb belgilangan.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash, shuningdek, tumanda xizmat ko‘rsatish sohasini yaxshilash orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy aholiga daromad keltirish va hududning umumiy infratuzilmasini yaxshilash maqsadida Davlatobod tumani “Umid” MFY Kamolot ko‘chasi hududidan jami 52 ta lotdan iborat bo‘lgan umumiy maydoni 997 kvadrat metr yer uchastkalari “K-SAVDO” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali vakolatli tashkilotlar bilan tegishli tartibda joylashuv o‘rni kelishilgan.

Ushbu yer uchastkalari auksion savdolari orqali tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan belgilangan tartibda sotib olingan”, deyiladi boshqarma munosabatida.

Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur ko‘chma savdo obektlari joylashuv o‘rni Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan muhofaza hududidan tashqarida joylashgan. Shuningdek, g‘olib tadbirkorlar tomonidan loyiha asosida ko‘chma savdo obektlari tashkil etish ishlari amalga oshirilayotgani ma’lum qilingan. 

Ammo Namangan viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi Kun.uz surishtiruvidagi asosiy nuqta – loyihalar ishga tushgach u yerda, ya’ni yuqori kuchlanishli elektr energiyasi tarmog‘i ostida to‘planadigan insonlar xavfsizligi qanday ta’minlanishiga izoh bermagan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obektlarini muhofaza qilish qoidalariga ko‘ra, yuqori kuchlanishli elektr energiyasi tarmog‘i muhofaza zonasida qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlangan.

Xususan, elektr uzatish havo liniyalarining muhofaza zonasida bolalar va sport maydonchalarini, stadionlarni, bozorlarni, savdo shoxobchalarini, dala shiyponlarini, mollar uchun qo‘ralarni, har qanday turdagi mashina va mexanizmlar uchun garajlar va turar joylarni joylashtirish, o‘rnatilgan tartibda ruxsat etilgan ishlarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan ko‘plab odamlar yig‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday tadbirlarni o‘tkazish mumkin emas.

Hududdan o‘tgan elektr tarmog‘i 110 kV kuchlanishga ega. Qoidalarga ko‘ra, 110 kV kuchlanishga ega elektr tarmog‘ining muhofaza zonasi 20 metr hisoblanadi. Ammo boshqarma taqdim qilgan suratlarda ko‘rinishicha, qurilish ishlari boshlangan hududda elektr tarmog‘idan buncha masofa yo‘q. Qolaversa, elektr tarmog‘i ostiga piyodalar yo‘lakchasi qurib qo‘yilganini ko‘rish mumkin. Bu esa inson hayoti uchun xavfli hisoblanadi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ korxonasi hozircha holat yuzasidan munosabat bildirgani yo‘q.

Mavzuga oid