O‘zbekiston | 23:01 / 07.05.2024
6029
2 daqiqa o‘qiladi

TikTok AQSh hukumatini sudga berdi 

Xitoy kompaniyasi suddan o‘z platformasining sotilishi, aks holda taqiqlanishi mumkinligi haqidagi qonunni AQSh Konstitutsiyasiga zid deb topishni so‘ramoqda. 

Foto: Getty Images

Xitoyning TikTok Inc va ByteDance Ltd kompaniyalari AQSh hukumati ustidan Kolumbiya okrugi apellyatsiya sudiga da’vo arizasi berdi. 

Aprel oyida AQSh prezidenti Jo Bayden TikTok platformasining xitoylik egasi bo‘lmish ByteDance kompaniyasiga uni mahalliy kompaniyalarga 9 oy ichida sotish majburiyatini yuklovchi, aks holda ijtimoiy tarmoq AQSh hududida taqiqlanishi mumkinligi haqidagi qonunni imzolagan edi. Rasmiylar buni amerikaliklarning shaxsiy ma’lumotlarini xorijiy davlatlardan himoya qilish bo‘yicha chora sifatida izohladi. AQSh xavotiriga ko‘ra, ByteDance Xitoy rasmiylari bilan hamkorlik qiladi va amerikaliklarning ma’lumotlarini noqonuniy tarzda uzatishi mumkin. 

ByteDance kompaniyasi TikTok platformasini sotishdan bosh tortdi va sudga murojaat qilishini ta’kidladi. 

TikTok suddan ushbu qonunni AQSh Konstitutsiyasiga zid deb topishni so‘ramoqda. Da’vogarlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasi AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan «birinchi tuzatish»ga zid, u boshqa narsalar qatorida so‘z erkinligini kafolatlaydi. TikTok ma’lumotlariga ko‘ra, 170 millionga yaqin odam foydalanadigan mamlakatda platformani taqiqlash Amerika fuqarolarining erkin muloqot qilish va fikr almashish huquqlarini buzadi, bu esa AQSh Konstitutsiyasiga ziddir.

Mavzuga oid