O‘zbekiston | 11:01 / 11.05.2024
21595
2 daqiqa o‘qiladi

Shahrisabzda Damas 1-sinf o‘quvchisini bosib ketdi

Videoyozuv tasvirlarida ko‘rinishicha, piyodalar yo‘lagini kesib o‘tayotgan o‘quvchini urib yuborgan Damas uni bir necha metr uzoqlikka sudrab borgan. O‘quvchi shifoxonada vafot etgan. Haydovchining aybi tasdiqlansa u 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi lozim.

Foto: Videodan kadr

Shahrisabzda Damas urib yuborib, so‘ng sudrab ketgan o‘quvchi halok bo‘ldi. Qashqadaryo viloyati IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 19 aprel kuni sodir bo‘lgan.

Haydovchi K.M. Damas mashinasi bilan 4K-307 “Shahrisabz-Miraki” avtomobil yo‘lida harakatlanib borib, Shahrisabz shahar Fusunkor ko‘chasida piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan o‘quvchini urib yuborgan.

Oqibatda o‘quvchi og‘ir tan jarohatlari olgan va shifoxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan Shahrisabz shahar IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, deyiladi xabarda.

Xabarda Damas haydovchisiga nisbatan qanday ehtiyot chorasi qo‘llangani haqida ma’lumot berilmagan.

Jinoyat kodeksining 266-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra Transport vositalari harakati xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa muayyan huquqdan mahrum qilib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Mavzuga oid