Jahon | 17:29 / 13.05.2024
18751
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonning sobiq iqtisodiyot vaziri 24 yilga qamaldi

Quvandiq Bishimbayev o‘z rafiqasi Saltanat Nukenovani o‘ldirishda aybdor deb topildi.

Qozog‘istonda sud sobiq iqtisodiyot vaziri Quandiq Bishimbayevni rafiqasini o‘ldirgani uchun 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqardi.

Bishimbayev o‘ta shafqatsizlik va qinoqlar bilan qotillik sodir etish moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan. Ish hakamlar hay’ati ishtirokida ko‘rib chiqildi.

Bishimbayevning amakivachchasi Baqitjan Bayjanov esa jinoyatni yashirish va jinoyat to‘g‘risida xabar bermaslikda ayblanib, to‘rt yilga qamalgan.

2023 yil noyabrda Bishimbayev rafiqasi Saltanat Nukenova bilan bahslashib qolganidan keyin o‘ziga tegishli bo‘lgan «Bau» restoranida uni o‘lgunicha kaltaklagan. Ayblov tomoni versiyasiga ko‘ra, sobiq vazir «o‘ta rashkchi» bo‘lib, rafiqasining qadamini kuzatgan, unga ishlashni taqiqlagan hamda «unga nisbatan muntazam ravishda jismoniy kuch ishlatgan». Bishimbayevning o‘zi sud jarayoni davomida rafiqasini kaltaklaganini tan olgan (bunga videodalillar keltirilgan), ammo qotilligiga iqror bo‘lmasdan, rafiqasi yiqilib jarohat olish oqibatida jon berganini aytgandi.

  • Bishimbayev ishi Qozog‘istonda oilaviy zo‘ravonlikka duchor bo‘lganlarni qonun bilan himoya qilish zarurati to‘g‘risidagi jamoatchilik muhokamasini kuchaytirgandi. Mamlakatda zudlik bilan oiladagi zo‘ravonlik va qasddan badanga yengil shikast yetkazish uchun jazoni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilindi.
  • Bishimbayev 2016 yilda bir necha oy davomida Qozog‘iston iqtisodiyot vazirligini boshqargan. 2018 yilda u korrupsiya bo‘yicha ayblanib, 10 yilga qamalgan, ammo bir yarim yil o‘tganidan keyin jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingandi.

Mavzuga oid