Armiya ko‘rmagan mudofaa vaziri. Andrey Belousov haqida nimalar ma’lum?
Rossiya Ukrainaga bosqinni davom ettirayotgan uchinchi yilda mamlakat harbiy rahbariyatida jiddiy o‘zgarish sodir bo‘ldi. 2012 yildan buyon mudofaa vaziri lavozimida ishlab kelgan Sergey Shoygu boshqa ishga o‘tkazildi. Uning o‘rnini xuddi Shoygu kabi bir kun ham armiyada xizmat qilmagan iqtisodchi Andrey Belousov egalladi. Xo‘sh, harbiy sohaga umuman aloqasi bo‘lmagan iqtisodchi nega Rossiya mudofaa vaziri bo‘ldi? Andrey Belousov kim o‘zi?
Jahon iqtisodiy inqirozini 3 yil oldin taxmin qilgan
Yangi mudofaa vaziri Andrey Belousov Rossiyadagi nomi chiqqan iqtisodchilardan biri. U tayinlovgacha Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinning birinchi o‘rinbosari edi. Yangi hukumat shakllantirilganda esa Belousov boshqa lavozimga o‘tishi munosabati bilan vitse-premer lavozimidan ketishi aytilgandi. O‘shanda deyarli hech kim Belousov Shoyguning o‘rnini egallashini taxmin ham qilmagandi.
65 yoshli Andrey Belousov Rossiya hukumatida anchadan buyon ishlab keladi. U 2012-2013 yillarda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri lavozimida ishlagan, 2013 yildan 2020 yilgacha Putinning iqtisodiy masalalar bo‘yicha yordamchisi bo‘lgan. Keyinchalik Putin uni Mishustinning o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazgan.
Rus nashrlari yozishicha, Belousov 2005 yildagi ilmiy hisobotida 2008 yil dunyo iqtisodiy inqirozni boshdan kechirishi haqida yozgan va aynan mana shu ilmiy ishidan keyin uni Rossiya hukumatiga ishga olishgan.
U Rossiya temiryo‘llari ochiq aksiyadorlik jamiyati direktorlar kengashiga ham raislik qiladi. The Bell nashri Belousov Qrimni anneksiya qilish qarorini qo‘llagan Putinning atrofidagi yagona iqtisodchi bo‘lgani haqida yozgandi.
Armiya ko‘rmagan mudofaa vaziri
Andrey Belousov bir kun ham armiyada xizmat qilmagan. Lekin Rossiya Mudofaa vazirligini harbiy bo‘lmagan odam boshqarishi yangilik emas. Masalan, Sergey Shoygu qurilish sohasidan chiqqan. Mudofaa vaziri bo‘lishdan oldin favqulodda vaziyatlar vaziri va Moskva oblasti rahbari lavozimlarida ishlagan.
Undan oldingi mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukov esa avval Rossiya bosh soliqchisi bo‘lgan. To‘g‘ri, Serdyukov sobiq ittifoq vaqtida aloqa batalyonida xizmat qilgan, lekin harbiy xizmatda ko‘pi bilan leytenant lavozimigacha ko‘tarilgach, qurolli kuchlar safidan ketgan va Peterburgdagi mebel do‘koniga ishga kirgan.
Albatta, Belousovning rezyumesi ancha salobatli, ammo Rossiyaning yangi mudofaa vaziri ham umuman armiyada xizmat qilmagani, harbiy sohadan uzoq odamligi faktligicha qoladi.
Belousov 1959 yil Moskvada iqtisodchi Rem Belousov oilasida tug‘ilgan. Onasi Alisa Pavlovna radiokimyogar bo‘lgan. 1981 yil Moskva davlat universitetining iqtisodiyot fakultetini a’lo bahoda tugatgan.
2000 yildan 2006 yilgacha Makroiqtisodiy analiz va qisqa muddatli prognozlash markazi ijrochi direktori bo‘lgan. Bu lavozimda ishlayotgan vaqtida Rossiya bosh vazirining shtatdan tashqari maslahatchisi bo‘lgan. 2006 yildan 2008 yilgacha iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari bo‘lgan. 2012 yildan esa xuddi shu vazirlik rahbari bo‘lib bir yil ishlaydi. Uning o‘rnini keyinchalik qamalib ketgan Aleksey Ulyukayev egallagandi. Belousov esa Putinning yordamchisi lavozimiga ko‘tarilib, Rossiya Harbiy ishlab chiqarish komissiyasi a’zosiga aylanadi.
2020 yil yanvar oyida Putin Belousovni bosh vazir Mixail Mishustinning o‘rinbosari etib tayinlaydi. O‘sha yil 30 apreldan 19 maygacha Mishustin kovid bilan og‘rib qolganda, Belousov vaqtincha Rossiya bosh vaziri vazifasini bajargan. Yangi mudofaa vaziri hukumatda faqat istiqodiy vazifalar bilan shug‘ullangan. Xususan, sotsial-iqtisodiy rivojlanish, investitsiya siyosati, moliya bozorini tartibga solish kabi masalalar bilan. Shuningdek, monopoliya, davlat statistikasi, transport va sanksiyalarga qarshi turish kabi muhim yo‘nalishlardagi davlat siyosatiga mas’ul bo‘lgan.
Nega aynan u?
Jurnalistlar Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskovdan Shoyguning iste’fosi va Belousovning tayinlanishi haqida izoh so‘rashdi. Peskovning aytishicha, Shoyguning ketishi Mudofaa vazirligidagi harbiy koordinat tizimiga hech qanday ta’sir qilmaydi va bu yo‘nalishda o‘z lavozimini saqlab qolgan shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov javobgar bo‘lib qolaveradi.
Peskovning qo‘shimcha qilishicha, Putin Rossiya Mudofaa vazirligi innovatsiyalar va ilg‘or odamlar uchun ochiq bo‘lishi uchun uni harbiy bo‘lmagan odam boshqarishini istagan. «Mudofaa vazirida harbiy daraja bo‘lishi asosiy omil emas», degan Peskov.
Iqtisodchining Rossiya mudofaa vaziri lavozimiga qo‘yilishi Rossiya harbiy budjeti rekord darajada ko‘p bo‘lgani (118,5 milliard dollar) bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Chunki Sergey Shoygu uning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Timur Ivanov 1 milliard rubl atrofida pora olishda ayblanib qamoqqa olingani ortidan ishdan ketkazilganini unutmaslik kerak. Peskov ham Rossiya harbiy budjeti 80-yillardagi yalpi ichki mahsulotning 7,4 foizi miqdoridagi maksimumga yaqinlashib borayotgani haqida bejiz gapirmagan.
Shoygu ketishi haqida aynan Ivanov qamoqqa olinganidan keyin tobora ko‘proq gapira boshlashgandi. O‘shandayoq ba’zi ekspertlar bu ish Shoyguni ham ketkazish bilan tugashini aytgandi. Ammo Putinning uzoq yillik do‘sti Shoyguning siyosiy rutbasi yaxshigina pasaytirilgan bo‘lsa-da, Kreml uni Ivanov kabi yomonotliq qilishni istamagan ko‘rinadi. Peskov Shoyguning iste’fosini izohlar ekan, u haqda ijobiy ohangda gapirdi va Shoygu «o‘zi yaxshi biladigan sohada qolishi»ni ta’kidladi.
Qizig‘i, Shoygu iste’fosidan bir necha kun oldin ham yaxshi kayfiyatda Putin bilan ko‘rishgandi. Rossiya prezidenti inauguratsiya marosimidan keyin Ukrainadagi urushda qatnashayotgan komandirlar bilan yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazdi. Bu uchrashuvda Shoygu ham ishtirok etdi.
Sergey Kujugetovich ketishi haqida 2 may kuni ham navbatdagi mish-mishlar ko‘paygandi. Chunki o‘sha kuni Putin Tula oblasti gubernatori Aleksey Dyumin bilan uchrashdi. O‘z vaqtida Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari va prezident qo‘riqlash xizmati rahbari bo‘lgan Dyumin Putinning yaqin odamlaridan deb qaraladi. 2 maydagi uchrashuvdan keyin ko‘pchilik Dyumin Shoyguning o‘rniga qo‘yilishi mumkinligi haqida gapira boshladi, ammo bunday bo‘lib chiqmadi.
USAID granti
Mustaqil jurnalistlar Rossiya mudofaa vaziri bo‘layotgan Belousov haqida faktlar to‘play boshlashdi. Yuqorida Belousov 2006 yil hukumatga ishga o‘tguniga qadar Makroiqtisodiy analiz va qisqa muddatli prognozlash markazida ishlagani haqida aytildi. Current Time nashriga ko‘ra, bu markazni Belousov ishlagan vaqtlarda moliyalashtirgan manbalardan biri AQSh xalqaro rivojlanish agentligi USAID bo‘lgan. Belousovning o‘zi esa Amerika agentligi granti asosida Rossiya iqtisodi rivojlanishiga tahdidlar haqida tadqiqot qilgan. Shuningdek, USAID Rossiyada o‘tkazgan tadbirlarda ishtirok etgan.
Andrey Belousov 13 may kuni Rossiya Federatsiya kengashida chiqish qildi. 14 may kuni kengash prezident tavsiyasiga ko‘ra uning nomzodini mudofaa vaziri lavozimiga tasdiqlashi, undan keyin Putinning imzosi bilan Belousov rasman yangi lavozimiga kirishishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
23:01 / 21.11.2024
Putin Dneprga «Oreshnik» ballistik raketasi yordamida zarba berilganini ma’lum qildi
20:56 / 21.11.2024
Putin Pxenyan hayvonot bog‘iga sher va ikkita ayiq sovg‘a qildi
11:15 / 21.11.2024
Putin Tramp bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor - Reuters
09:28 / 21.11.2024