Suv resurslari mojarolar manbaiga aylanmoqda - Erdo‘g‘an
Turkiya prezidenti suv manbalari va suv omborlari to‘qnashuv zonasiga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Suv resurslari bo‘yicha kelishmovchiliklar dunyo bo‘ylab ko‘plab keskin vaziyatlarning negizida yotadi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbulda bo‘lib o‘tgan qishloq xo‘jaligi ekotizimlari yig‘ilishi ishtirokchilari oldida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xuddi shunday jarayonlar Osiyo, Amerika, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarida kuzatilmoqda.
«Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari tufayli suv manbalari va suv omborlari to‘qnashuv zonasiga aylanib bormoqda», dedi Turkiya rahbari.
Prezident global oziq-ovqat inqirozining oldini olishda Turkiyaning hissasini ham qayd etdi.
«Turkiyaning sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilgan Qoradengiz tashabbusi tufayli, birinchi navbatda Afrikada ko‘plab mintaqalarda ocharchilikning oldini olish mumkin bo‘ldi. Xavf bilan yuzma-yuz kelganda, o‘n minglab odamlar halok bo‘lishi mumkin edi», dedi u.
Davlat rahbari Turkiya COVID-19 pandemiyasi va Ukrainadagi urush sharoitida 33 million tonna g‘allaning o‘z bo‘g‘ozlaridan o‘tishini ta’minlab, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaganini ta’kidladi.
Erdo‘g‘an o‘z nutqida G‘arb davlatlarining mustamlakachilik o‘tmishiga ham to‘xtalib o‘tdi.
«Neft, oltin, olmos va boshqa yer osti boyliklari uchun qon to‘kilgan. Bir tomchi qondan bir tomchi neftni qimmat bilgan mustamlakachilar hukmronlik qilish uchun har qanday yo‘lni ishga solgan. Ular minglab kilometr uzoqlikda joylashgan mamlakatlarga bostirib kirishdi. Ular o‘z ixtiyoridagi barcha vositalardan foydalanib, Afrika o‘g‘lonlarini, boyliklarini, olmos va oltinlarini Yevropaga olib ketishdi. Ular xalqni o‘z ona yurtidan quvib chiqardi, to‘qnashuvlar va fuqarolar urushini boshladi, qonli diktatorlarni qo‘llab-quvvatladi, davlat to‘ntarishlari uyushtirdi, qotillik va qirg‘inlar qildi. Ular mahalliy aholini iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jihatdan o‘ziga to‘la qaram qilib, ichkilik va giyohvandlikka ruju qo‘yishdi. Ular o‘z farovonligini mazlumlardan o‘g‘irlangan boyliklarga qurdilar. Biz Kongo, Jazoir, Keniya, Somali, Janubiy Afrika, Namibiya, Nigeriya va boshqa ko‘plab Afrika davlatlarida inson huquqlari bo‘yicha ma’ruza o‘qiyotgan G‘arb davlatlarining harakatlaridan juda xabardormiz, dedi u.
Mavzuga oid
16:43 / 06.11.2024
Erdo‘g‘an turkiyzabon davlatlarni umumiy alifboga o‘tishga chaqirdi
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
09:50 / 04.11.2024
Turkiya TIV rahbari: Ukraina yaxlitligi tinchlikning shartidir
10:30 / 02.11.2024