Islomiy respublika: Eron siyosiy tizimi qanday ishlaydi?
Eronda boshqaruvning respublika shakli o‘rnatilgan, hokimiyat qisman va rasman xalqning irodasiga bog‘langan, eng muhim qarorlarni esa ruhoniylar kengashi tomonidan saylanadigan oyatulloh qabul qiladi. Prezidentlikka nomzodlar ham oliy rahnamo tasdig‘idan o‘tishi kerak.
28 iyun kuni – navbatdan tashqari saylov.
Kun.uz studiyasidan jonli efirda siyosiy tahlilchilar Shoislom Akmalov va Kamoliddin Rabbimov Eron siyosiy tizimining o‘ziga xosliklari va prezident almashinuvi mamlakat tashqi siyosatida qanday aks-sado berishi mumkinligi haqida so‘z yuritdi.
Marhum prezident Raisiy 2017 yilda ilk bor Oyatulloh tasdig‘idan o‘tib, saylovda nomzod bo‘lganiga qadar xalq ichida taniqli siyosatchilardan emas edi. O‘sha yili u Hasan Ruhoniyga yutqizgan. Biroq, 2021 yilda Raisiyning qo‘li baland kelib, saylovda g‘olib bo‘lgan edi.
O‘zbekistonning Erondagi elchixonasida faoliyat yuritgan siyosatshunos Shoislom Akmalovning fikricha, Ibrohim Raisiy ijro hokimiyatiga 3 yil rahbarlik qilgan bo‘lsa-da, o‘zidan jiddiy iz qoldirdi. Xususan, davlatni egallagan 2022 yildagi noroziliklarni bostirish va hal etish, ShHT, BRIKSga a’zolik, IHT doirasidagi siyosiy faollik aynan Raisiy davriga to‘g‘ri keladi.
Tahlilchining so‘zlariga ko‘ra, uning halok bo‘lishi bilan bog‘liq versiyalarning hammasi – vaqtincha. Asosiy sabab maxsus komissiya tuzilib, voqea o‘rganilganidan keyin ayon bo‘ladi. Bundan tashqari, aynan prezident bo‘lgan vertolyotning avariyaga uchrashi, aloqaning butunlay uzilishi, birinchi raqamli bortdagi texnik nosozlik – juda shubhali.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikricha, Eronda prezident asosiy siyosiy figura emas. Davlatning oliy vakolatlari ulamolar kengashi saylaydigan oyatulloh – oliy rahbar qo‘lida. Demak, tashqi kuchlarning Raisiyga suiqasd qilish ehtimoli juda kam. Ya’ni Raisiy ijroiya organi rahbari ekan, uni yo‘q qilish motivi tashqi kuchlarga katta ijobiy natijalarni bermaydi. Chunki davlat darajasidagi huquqlar oliy rahbarda.
Rabbimov bugunga qadar 200 dan ortiq holatda davlat rahbarlari bo‘lgan bortlar aviahalokatini yodga olib, hozircha asosiy versiya baxtsiz hodisa ekanini urg‘uladi.
Raisiy halok bo‘ldi, uning o‘rniga kim tanlanishi mumkin? Navbatdan tashqari saylov 28 iyunga belgilangan. Nomzodlarni ro‘yxatga olish may oyining oxiridan boshlanadi. O‘sha nomzodlar ichidan esa Xominaiy asosiylarini tanlab beradi. Akmalovning fikricha, katta ehtimol bilan oyatullohning o‘g‘li ham nomzodlar ro‘yxatida bo‘ladi.
O‘zbekiston bilan aloqalarga kelsak, siyosiy muloqotning jadallashishida Raisiyning o‘rni yuqori. Lekin prezident, albatta, oyatulloh bilan maslahatlashmay qadam tashlamagan. Demak, rasmiy Toshkent va Tehron yaqinlashuv yo‘lidan davom etsa kerak, deya qo‘shimcha qildi Shoislom Akmalov.
O‘zbekistonning srategik maqsadlari va dengizga chiqishdek uzoq yillik rejalari doim aktual ekan, Eron bu yo‘lda asosiy rolni o‘ynovchi davlatlardan biri bo‘lib qolaveradi.
Mavzuga oid
09:02
Eron o‘z yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi
19:58 / 24.11.2024
Eron uranni boyituvchi ilg‘or sentrifugalardan foydalanishni boshlaganini e’lon qildi
19:45 / 22.11.2024
Norvegiyada AQSh elchixonasi qo‘riqchisi josuslikda gumonlanib qo‘lga olindi
08:39 / 22.11.2024