O‘zbekiston | 15:09 / 21.05.2024
8717
2 daqiqa o‘qiladi

Yunusobodda niqob taqqan holda daraxt kesgan shaxslar 5 sutkaga qamaldi

Foto: Bosh prokuratura axborot xizmati

Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi maktab yonida 16 aprelga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar tomonidan 1 tup safora daraxti davlat raqami bo‘lmagan ekskavator yordamida ildizi bilan qo‘porib tashlangandi.

Bosh prokuratura axborot xizmati huquqbuzarlarning shaxsi to‘liq aniqlanib, tegishli protsessual chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ma’lum qilgan edi.

Sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzarlar D.E. va A.A.  Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 183-moddasi va 79-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilgan. Aybdor D.E. ga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi va 8 million 500 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan. A.A.ga esa 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi va 17 million so‘m  jarima belgilangan.

Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, huquqbuzarlar D.E. va A.A. dan Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qarori 4-ilovasiga binoan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun 27 million 880 ming so‘m undirib olingan.

Tag qismi bilan olib tashlangan safora tegishli soha mutaxassislari hamda tuman ekologiya bo‘limi mas’ullari tomonidan agrotexnik qoidalar va metodlarga asoslangan holda ishlov berilib, biologik o‘g‘itlar bilan to‘yintirilgan tuproq qoplamasi yotqizilgan holda o‘z o‘rniga qayta ekilgan.

Mavzuga oid