Sun’iy intellekt: Yevroittifoq qoidalarni kuchaytiryapti
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan tasdiqlangan qonun sun’iy intellekt bilan ishlash uchun bir qator ilovalarni taqiqlaydi va muhim infratuzilmada qo‘llanadigan tizimlarga qat’iy talablar kiritadi.
Yevropa Ittifoqi sun’iy intellekt (SI)dan foydalanish qoidalarini kuchaytirmoqda. SI bilan ishlash uchun bir qator ilovalarni taqiqlashni nazarda tutuvchi tegishli qonun 21 may, seshanba kuni Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning tegishli vazirlari tomonidan ma’qullandi.
O‘zgarishlar tashabbuskorlari sun’iy intellekt texnologiyasining xavfsizligi va shaffofligini yaxshilashga intilmoqda. Ayniqsa, muhim infratuzilma, ta’lim va sog‘liqni saqlashda foydalaniladigan tizimlar qat’iy talablarga javob berishi kerak.
Yevropa Ittifoqi qadriyatlarini buzadigan ba’zi SI ilovalari taqiqlanadi. Bularga, jumladan, ijtimoiy reyting kiradi (social scoring). Ommaviy kuzatuv vositalaridan foydalangan holda turli mezonlar bo‘yicha tuzilgan odamlarning bunday reytinglari, xususan, Xitoyda ancha mashhur. Hissiyotlarni aniqlash texnologiyalari ham Yevropa Ittifoqida – ish joyida va ta’lim muassasalarida taqiqlangan.
Yuzni tanib olish - politsiyaga qulay
Taqiq jamoat joylarida yuzni tanish texnologiyalariga, masalan, videokuzatuvdan foydalanishga ham tegishli. Biroq, istisnolar mavjud: politsiya va boshqa xavfsizlik idoralari, qonun matniga ko‘ra, odam savdosi yoki terrorizm kabi muayyan jinoyatlarga qarshi kurashish uchun bunday vositalardan foydalanish huquqiga ega.
Yevropa Ittifoqida yangi qoidalar sun’iy intellekt tizimlarini ishlab chiqadigan, ta’minlovchi yoki ishlatadigan har bir kishi uchun amal qiladi. Huquqiy qoidalar Yevropa Ittifoqi va undan tashqarida davlat va xususiy bozor ishtirokchilariga ta’sir qiladi. Qoidabuzarliklar pul jarimalariga olib keladi. Yangilik global darajadagi birinchi qonun bo‘lib, sun’iy intellektni tartibga solish uchun standartni o‘rnatishi mumkin, deya ta’kidlaydi dpa agentligi.
Germaniyadagi AT sanoatining tanqidi
Germaniyaning axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari sanoat assotsiatsiyasi Bitkom yangi qoidalarni tanqid qildi, chunki ular bir qator muhim savollarga javob bermaydi. Germaniya va boshqa Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida SIni tartibga solish bo‘yicha ishlar endigina boshlanmoqda, dedi Bitkom raisi Ralf Vintergerst. Sun’iy intellektning rivojlanishi qonunchilik bazasi va uning Germaniyada mos kelishi - u qo‘llab-quvvatlanishi yoki yangi to‘siqlarga duch kelishiga bog‘liq, deya ta’kidladi Vintergerst.
Vazir Vissing: O‘zgartirish kiritishdan qo‘rqmang
Qonun chiqaruvchi organlar sun’iy intellekt kabi tez o‘zgaruvchan texnologiyalar muammolariga uzoq vaqt duch kelishda davom etadi, dedi Germaniya transport va raqamli infratuzilma vaziri Folker Vissing. «Biz tartibga solish bilan bog‘liq bo‘lajak muammolar aniq oydinlashtirilishini kuta olmaymiz», dedi u. Nafaqat me’yoriy-huquqiy hujjatlarni zudlik bilan qabul qilish, balki «doimiy tuzatishlar kiritish uchun jasoratga ega bo‘lish» ham muhim, dedi vazir.
Yangi qoidalar Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlari tomonidan tasdiqlanganidan keyin qoidalar Yevropa Ittifoqi rasmiy jurnalida chop etiladi va 20 kun ichida kuchga kiradi.
Mavzuga oid
23:56 / 04.11.2024
Polshada radiostansiya jurnalistlarni ishdan bo‘shatib, sun’iy intellektdan foydalanishga o‘tdi. Bu jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi
12:50 / 02.11.2024
Lavrov Ukrainada urush boshlanganidan beri ilk bor Yevroittifoqqa boradi
21:49 / 31.10.2024
Yevroittifoq Xitoyning Temu internet-do‘konini jarimaga tortmoqchi
15:23 / 30.10.2024