Jamiyat | 09:00 / 24.05.2024
11903
11 daqiqa o‘qiladi

6 yilda 54 ta tarixiy film - o‘zbek kinoijodkorlari bunga tayyormi?

“Tirik tarix” loyihasi doirasida O‘zbekistonda 2030 yilgacha 54 ta tarixiy film curatga olinishi kutilmoqda. Ta’kidlanishicha, milliy qahramon Shiroq, davlatchilik arbobi Alp Er To‘nga, sarkarda Amir Temur va temuriylar, shayboniylar, milliy istiqlol kurashchilari haqida filmlar ishlanadi. Kun.uz ushbu loyiha bo‘yicha qator savollar yuzasidan kinorejissyor Muzaffar Erkinov hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, kino va teatr aktyori Tohir Saidov bilan suhbat tashkil qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 16 may kuni “Tirik tarix” turkumidagi filmlar loyihasi taqdimot qilindi. Bu 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan strategik dastur bo‘lib, eng qadimgi o‘tmishdan tortib, yaqin tarixgacha bo‘lgan juda katta davrni qamrab oladi. Loyihada chet ellik hamkorlar, kino san’ati ustalari ham ishtirok etishi rejalashtirilgan. Xo‘sh, 6 yilga mo‘ljallangan loyiha doirasida suratga olinadigan 54 ta tarixiy filmni ishlab chiqish uchun mamlakatimizda kadr orti va ekran ijodkorlari zaxirasi yetarlimi? Sifat va saviyani tushirmasdan tarixiy kinolarni ishlab chiqishda bugun san’at ahliga qanday omillar xalaqit beryapti? Kun.uz jurnalisti ayni shu kabi savollarga javob izlab O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Saidov, “Abdulla Avloniy”, “Oydinlar”, “Puankare”, “Abdulla Oripov” kabi ko‘plab filmlar rejissyori Muzaffar Erkinov bilan suhbatlashdi.

— Dastlab, ushbu tashabbusning tarixiy va ijtimoiy ahamiyatiga to‘xtalsak.

Muzaffar Erkinov: — Davlat rahbarining o‘zi kinorejissyor, aktyorlar bilan uchrashib, soatlab vaqtini ajratishi biz ijodkorlar uchun katta xursandchilik bo‘ldi. Ancha vaqtdan beri kutilgan voqea — turkum tarixiy filmlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Xabaringiz bor, oxirgi 20 yildan buyon tarixiy filmlar deyarli suratga olinmayotgan edi. 2017 yildan esa bir nechta turkum filmlarni tasvirga olish boshlandi, “Islomxo‘ja”, “Ibrat”, “Avloniy”, “Behbudiy” shular jumlasidandir. Fikrimcha, “Tirik tarix" turkum filmlar loyihasi milliy kino sanoatimizning qayta "uyg‘onish" davrini namoyish etib, zamonaviy va sifatli kinolarning yaratilishida yangi bosqichga qadam qo‘yishimizni anglatadi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimiz kinematografiyasining xalqaro miqyosdagi tanilishiga, hamkorlik aloqalarining kengayishiga va madaniy diplomatiyamizning rivojlanishiga xizmat qilishi, shubhasizdir.

Tohir Saidov: — “Tirik tarix” turkum filmlar loyihasi bo‘yicha davlat rahbariga berilgan hujjatda 50 ta alloma haqida film tayyorlash nazarda tutilgan edi, o‘sha joyning o‘zida yana 2 ta alloma eslanib, ro‘yxatga ular ham qo‘shildi. Uchrashuv o‘tdi, dastur tasdiqlanadigan bo‘ldi. Endi prezidentning, xalqning ishonchiga kinoijodkorlarning javobi qanday bo‘ladi, degan masala bor. Filmlarni xalqqa chiroyli qilib taqdim etishimiz kerak. Bu berilayotgan e’tibor, mablag‘lar o‘zbek kinosini, shu orqali o‘zbek millatini dunyoga tanitish uchun qilinyapti. Jarayonga mas’uliyat bilan javob beruvchilar esa kinoijodkorlar bo‘ladi.

— “Tirik tarix” turkum filmlari loyihasi 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan strategik dastur bo‘lib, unda eng qadimgi o‘tmishimizdan tortib, yaqin tariximizgacha bo‘lgan katta davrning qamrab olinishi reja qilingan. 6 yillik dastur va uning doirasida qariyb 54 ta tarixiy filmning suratga olinishi ta’kidlanyapti. Raqamlar kichik emas: 6 yil muddatda 54 ta filmni sifatli qilib suratga olish va uni tomoshabinlar e’tiboriga taqdim etish uchun yetarli bo‘ladimi? Jarayonlarda ishtirok etuvchi kadr oldi va kadr orti ijodkorlar zaxirasi hozirlanganmi?

Tohir Saidov: — 50 dan ziyod filmni sifatli qilib suratga olishimiz uchun, avvalo, ish qurolimiz soz bo‘lishi kerak. Tarixiy filmlar otsiz, otda bo‘ladigan janglarsiz suratga olinmaydi. Shu sababli, yosh aktyor, aktrisalarimiz uchun qilichbozlik, nayzabozlik bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tilishi zarur. Bundan tashqari, Sijjakda tog‘da "O‘zbekkino" milliy agentligining bazasi bor, o‘sha yerda otda chopadigan, ot ustida nayzabozlik, qilichbozlik qila oladigan kaskadyor-kinoijodkorlarni tayyorlash kerak. Masalan, Nanay, Sijjak tomondagi yigitlarni ayni shu yo‘nalish bo‘yicha zaxira kadr sifatida shakllantirish mumkin, o‘zi ular ot ustida katta bo‘lgan yigitlar. Oylik maoshlari yaxshi ta’minlansa, boshlanishiga o‘zlarining otlari bilan ham kelishadi tasvirga olish jarayonlariga.

"O‘zbekkino" milliy agentligi raxbarlari, mutasaddilariga ham gapim bor shu o‘rinda: bizga tarixni yaxshi o‘rganib, obrazlar ustida ishlay oladigan dizaynerlar, tarixiy kiyimlar tikadigan sexlar, dunyo standartlari bo‘yicha ishlay oladigan grimyorlar kerak.

Ayni shu kabi ishlarni san’at darajasida qila oladigan professional mutaxassislarni tayyorlasak, O‘zbekiston hududida suratga olinadigan chet el filmlari ham ko‘payadi, chunki bizda baza bo‘ladi. “Bahodir Yalangto‘sh” filmiga Qozog‘istondan kaskadyorlar olib kelib ishlatdik. “Mendirman Jaloliddin” serialini suratga olishda ancha vaqtimiz otda yurish, qilichbozlik kabilarni o‘rganishga ketdi. Umuman, biz ma’lum bir filmni suratga olishdan avval shunaqa oqsoq tomonlarimizni to‘g‘rilashimiz kerak bo‘ladi.

— "Tirik tarix" turkum filmlarini yaratish jarayonida milliy o‘zlikni anglatuvchi elementlarni saqlab qolish va ularni xalqaro darajada taqdim etishda qanday strategiyalar qo‘llanadi? Syujyetlarda nimalarga ko‘proq urg‘u beriladi?

Muzaffar Erkinov: — Prezidentimiz dunyo hamjamiyati e’tiborini tortishni kino san’atidan boshlash kerak, ma’naviyat, ma’rifatni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lsak, kinodek nurli yo‘l yo‘q, dedilar. O‘zligimizni anglatadigan narsa bizning ma’naviyatimiz, mentalitetimiz. Jahonda ham shu narsa qadrlanadi, kinofestivallarda asosiy e’tibor o‘zlikka qaratiladi. Biz kuchli dramaturgiya, kuchli syujyet, tarixiy shaxslar orqali dunyoga chiqishimiz mumkin. Yangi ishlanadigan filmlarda aynan shu jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratiladi.

"Ma’naviyat" so‘zi ishlatilganda ba’zi odamlar enca qotiradi. Ma’naviyat aslida kerak bizga, bunda o‘zligimiz bor. Agar bu narsani yo‘qotsak, millatimizni yo‘qotib qo‘yamiz, har bir millatning alohidaligi bor. Ma’naviyat kerakmas, deganlar ham yoshi o‘tsa, bolalaridan shu narsani kutadi hali.

— Ma’lumki, filmlarning ham bir qancha turi bor. Masalan, badiiy filmlar, hujjatli filmlar yoki mualliflik filmlari. Nima uchun aynan tarixiy filmlarning ishlab chiqilishiga ko‘proq e’tibor qaratilyapti deb o‘ylaysiz?

Muzaffar Erkinov: — Boshqa xalqlarning tarixiy film ishlayotgan ijodkorlari milliy tarixiy shaxs topishga qiynalib qolishadi, o‘rtamiyona shaxslarni ham olib, qahramon sifatida ekranga olib chiqadi. Lekin bizda yuzlab tarixiy shaxslarimiz bor. Masalan, Amir Temurdek shaxslar dunyo tarixida barmoq bilan sanarli. Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Buxoriy, Moturidiy kabi qancha allomalarimiz bor.

Tohir Saidov: — Otimizni qamchilab qolishimiz kerak: bugun tarixiy shaxslar, sohaviy qahramonlar talash bo‘lib yotibdi. Misol uchun, Janubiy Koreyada Tangem seriali suratga olingan. Unda bosh qahramon Tangem tibbiyot asoschisi sifatida gavdalantirilgan. Vaholanki, serialda Tangem ko‘rsatayotgan muolajalarni bizning bobomiz Abu Ali ibn Sino bir necha asrlar oldin yozib, avlodlarga qoldirib ketgan. Filmda esa Tangem tibbiyotning onasi sifatida tomoshabin ongiga singdirilgan. Tasavvur qilyapsizmi filmning kuchini. Bugungi davrda kim oldinroq harakat qilib, tarixiy qahramonlar haqida yaxshi film olsa, tarixiy shaxs o‘shaniki bo‘lib qolyapti odamlar shuurida. Buyuk bobokalonlarimiz haqiqatan bizniki ekanini filmlar orqali namoyish qilib, buni dunyo hamjamiyatiga anglatish vaqti keldi, nazarimda.

— Filmni ishlab chiquvchi asosiy va bosh ijodkor, odatda, rejissyor bo‘ladi. Lekin milliy rejissyorlarimiz soni barmoq bilan sanarli darajada. Nima uchun sifatli va saviyali filmlarni tomoshabin e’tiboriga taqdim eta oladigan kinorejissyorlar soni kamayib ketgan?

Muzaffar Erkinov: — Rejissura sohasida yetishib chiqqan avlodlar orasida katta bo‘shliqlar bor. Masalan, Zulfiqor Musoqov, Jahongir Qosimov, Hilol Nasimov, Abduhalil Mengnorov kabi rejissyorlar 60 yoshdan oshgan. 10-12 yil o‘tgach, Ayub Shahobiddinov, Yolqin To‘ychiyev, Mirmahsud Oxunov kabilar maydonga chiqqan. Undan keyingi avlod Jahongir Ahmedov, Umid Hamdamov, Akbar Bekturdiyev, Sarvar Karimov. Yana bir necha yillar o‘tib yetishib chiqqan yangi avlod Shokir Xoliqov singari ijodkorlar. Rejissyorlarimiz soni barmoq bilan sanarli darajada. 37 mln xalqimizni sifatli kinolar bilan ta’minlash uchun aslida kam ularning soni. Bunday uzilishlar saviyali kinolarni suratga olishga talab deyarli yo‘qligidan paydo bo‘ldi. Tarixiy filmlarni muntazam suratga olish bo‘yicha tizim ishga tushib, jarayon davomiy bo‘lsa, uzilishlar, fikrimcha, bundan bu yog‘iga kuzatilmaydi.

— Tarixiy qahramonlarni gavdalantirib bera oladigan ijodkorlar mahalliy doirada yetarlimi?

Tohir Saidov: — Tarixiy qahramonlarni gavdalantirib bera oladigan mahalliy ijodkorlar bor, ularni saralab, ekranga olib chiqishda asosiy gap. Aktyorlik talablariga javob beradigan yigit-qizlarimiz ko‘p. Tashqi ko‘rinish masalasida ham o‘zimizning aktyorlar tarixiy filmlardagi rollarni ijro etgani yaxshi, sababi yuz tuzilishi jihatidan baribir avlod ajdodga o‘xshash bo‘ladi.

Tohir Saidov va Muzaffar Erkinov yaxshi filmlar suratga olish uchun katta masshtabdagi jamoaviy tizimning richagini burab yuborish kerakligi, yangi kinoijodkorlar armiyasini izlab topish zarurligini ham ta’kidlashdi.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator: Abduqodir To‘lqinov.
Montaj ustasi: Ohun Normurodov.

Mavzuga oid