Jahon | 21:12 / 27.05.2024
3796
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Turkiya konstitutsiyasini yangilash zarurligi haqida gapirdi

Turkiya rahbari amaldagi konstitutsiya davlat to‘ntaruvchilari tomonidan ishlab chiqilganini ta’kidladi. 

Foto: Anadolu Agency

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an yangi konstitutsiyani qabul qilish zarurligini aytdi, chunki amaldagi konstitutsiya «siyosatga ishonchni susaytiradi» va «olg‘a borishimizga imkon bermaydi», deb xabar berdi NTV Haber. 

«Konstitutsiya me’yorlar iyerarxiyasining eng yuqori pog‘onasida turadi... Agar 1921 va 1924 yillardagi konstitutsiyalarni istisno qilsak, barcha konstitutsiyalarimiz vasiylik ko‘rsatmalari asosida yaratilgan va xalqqa tiqishtirilgan. Biz amaldagi konstitutsiya bilan oldinga siljishda davom eta olmaymiz, uning asosi davlat to‘ntaruvchilari tomonidan ishlab chiqilgan, tili esa muammoli elitaning konsensusini aks ettiradi. Men buni milliy burch deb bilaman», dedi Erdo‘g‘an 1980 yilda mamlakatdagi harbiy to‘ntarish sanasiga bag‘ishlangan «Kuchli Turkiya» simpoziumida. 

Erdo‘g‘an Turkiyaga liberal konstitutsiya zarurligini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, u mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlarni o‘zgarishlarni tayyorlashda ishtirok etishga chaqirdi. 

Mamlakatning amaldagi konstitutsiyasi, dedi Erdo‘g‘an, «millatning g‘oyalari, talablari va muammolari hisobga olinmagan holda» yaratilgan. 

Turkiyada amaldagi konstitutsiya 1982 yilda umumxalq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilingan. Uning matni mualliflari davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyat tepasiga kelgan harbiylar edi. 2007, 2010 va 2017 yillarda hujjatga o‘zgartirishlar kiritildi. Erdo‘g‘an yangi konstitutsiya haqida 2021 yildan beri gapirmoqda.

Mavzuga oid