Jahon | 10:27 / 27.05.2024
6459
3 daqiqa o‘qiladi

HAMAS Tel-Avivga to‘rt oy ichida birinchi marta raketalar uchirdi

TsAHAL ma’lum qilishicha, G‘azo sektori janubidagi Rafahdan Tel-Aviv va uning atrofidagi hududga sakkizta raketa uchirilgan, ularning bir qismi urib tushirilgan. HAMAS harbiy qanoti zarba uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

HAMAS guruhi so‘nggi to‘rt oy ichida birinchi marta Tel-Aviv va uning atrofiga raketa uchirdi. 26 may, yakshanba kuni Tel-Aviv markazida bir nechta portlashlar sodir bo‘ldi. Sohil bo‘yidagi megapolisni o‘rab turgan bir qator shaharlarda raketa ogohlantirishlari eshitildi. 

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, boshpana tomon yo‘l olgan ikki ayol yengil jarohatlangan. Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) G‘azo sektori janubidagi Rafah shahridan Tel-Aviv tomon sakkizta raketa otilganini ma’lum qildi. Bir nechta raketalar raketaga qarshi mudofaa tizimi tomonidan tutib olindi. 

Hujum uchun javobgarlikni HAMASning harbiy qanoti o‘z zimmasiga oldi. Ular Isroilning falastinlik tinch aholiga qarshi harakatlariga javoban Isroil megapolisiga «katta raketalar» otishganini aytdi. Tel-Aviv oxirgi marta 29 yanvar kuni G‘azo sektoridan raketa zarbalariga uchragan edi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 36 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid