Jahon | 11:22 / 31.05.2024
2882
3 daqiqa o‘qiladi

NATO sovuq urush davridan keyingi eng yirik mashg‘ulotlarini yakunlayapti

Yanvar oyi oxirida boshlangan « Steadfast Defender manyovrlarida 90 mingdan ortiq askar ishtirok etdi. NATO 1988 yilda o‘zining shunga o‘xshash so‘nggi mashqlarini o‘tkazgan.

Foto: Picture Alliance

Shimoliy Atlantika alyansi 31 may, juma kuni Rossiya agressiyasining oldini olishga qaratilgan so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik harbiy mashg‘ulotlarini yakunladi. Steadfast Defender 2024 («Qat’iy himoyachi 2024») deb nomlangan mashg‘ulotlar turkumi NATO tomonidan ikki yildan ko‘proq vaqt avval Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi natijasida Yevropadagi o‘zgargan xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatga javoban boshlangan

NATO shtab-kvartirasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan to‘rt oy oldin boshlangan mashg‘ulotlarda NATOning barcha 32 davlatidan 90 mingdan ortiq, jumladan, bu yil alyansga qo‘shilgan Shvetsiyadan askarlar ishtirok etdi. Mashg‘ulotlarga texnika bo‘yicha 50 dan ortiq kema, 1100 ga yaqin jangovar mashina va 80 dan ortiq qiruvchi jalb qilingan. Xususan, NATOning sharqiy qanotida milliy va ko‘p millatli quruqlikdagi kuchlarni tayyorlash va joylashtirish amaliyoti o‘tkazildi.

Dpa xabariga ko‘ra, Steadfast Defender manyovrlari ssenariysi Rossiyaning ittifoqdosh hududga hujumi bo‘lib, bu NATO shartnomasining jamoaviy mudofaa to‘g‘risidagi 5-moddasiga asoslanadi. NATO ma’lumotlariga ko‘ra, manyovrlarda, shuningdek, ittifoqchilar tomonidan o‘tgan yili Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi munosabati bilan kelishilgan yangi mintaqaviy mudofaa rejalari ham birinchi marta sinovdan o‘tkazildi. 

Hozirga qadar so‘nggi o‘n yilliklarning eng yirik manyovrlari 2018 yilda 50 000 dan ortiq askar ishtirok etgan Trident Juncture («Yagona uch ayrili nayza») hisoblanardi. NATO 1988 yilda 125 000 dan ortiq askarni jalb etgan holda o‘zining so‘nggi yirik mashqlarini o‘tkazgan.

Bundesver bosh inspektori ijobiy baho berdi 

Steadfast Defender 2024 doirasida Germaniya qurolli kuchlarining (Bundesver) Quadriga 2024 alohida manyovrlari bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotlar davomida 12 000 dan ortiq qo‘shinni o‘z joylashuvidan NATOning sharqiy qanoti hududlariga o‘tkazish amaliyoti amalga oshirildi. 

Bundesver bosh inspektori Karsten Broyyer shu hafta o‘rtalarida Litvada bo‘lib o‘tgan Quadriga manyovrlari tugaganidan keyin unga ijobiy baho berdi. «Biz jangovar qobiliyatimizni isbotladik», dedi u. Broyyerning aytishicha, mashg‘ulotlar ittifoqchilar o‘zini himoya qila olishini ko‘rsatdi. 

Mavzuga oid