O‘zbekiston | 09:40 / 31.05.2024
13051
2 daqiqa o‘qiladi

Tariflar oshirilgandan keyin elektr va gaz iste’moli kamaydi - energetika vaziri

May oyi uchun tariflar oshirilganidan so‘ng O‘zbekistonda 2023 yilning shu davriga nisbatan elektr energiyasi iste’moli 324 million kVt/soatga, gaz iste’moli 125 million kub metrga kamaydi, dedi energetika vaziri. Uning so‘zlariga ko‘ra, abonentlar va korxonalar soni ko‘payishi sharoitida iste’molning kamayishi energiya tejamkorligidan dalolat beradi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 30 may kuni prezident o‘tkazgan yig‘ilishdan so‘ng «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida 1 maydan tariflar oshirilganidan keyin O‘zbekistonda elektr va gaz iste’moli qanday o‘zgargani haqida gapirib berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1-29 may kunlari elektr energiyasi iste’moli o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 324 million kVt/soatga kamaygan, ya’ni «shunday miqdor tejalgan».

«Aytish joizki, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan aholi o‘rtasida abonentlar soni 160 ming nafarga, yuridik shaxslar, ya’ni ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida ham abonentlar soni ortgan. Demak, abonentlar, iqtisodiyot va sanoatning o‘sishi bilan umumiy iste’mol kamayishi energiya tejamkorligidan dalolat beradi», — dedi vazir.

Energetika vazirligi rahbarining aytishicha, quyosh va shamol elektr stansiyalarida 970 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 700 million kVt/soatga ko‘pdir. 

«Shu bilan birga, biz elektr energiyasi importi hajmini kamaytirib, aholini elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlagan holda eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Xuddi shu tendensiyani gaz bo‘yicha ham ko‘rish mumkin. Umumiy abonentlar sonining o‘sishi bilan bir qatorda may oyi 29 kunida iste’mol 125 million kub metrga kamaydi. Kundalik iste’molga e’tibor qaratilsa, issiqlik elektr stansiyalari rejadagidan 5-6 million kub metr gaz, shuningdek, ko‘mirni 2 barobar kam yoqmoqda», — dedi u. 

Mavzuga oid