O‘zbekiston | 15:39 / 01.06.2024
2668
2 daqiqa o‘qiladi

Dorilarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibiga o‘zgartirish kiritildi

“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga dori moddalarini (substansiyalarni) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibining bekor qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritildi. 

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga dori vositalarini retsept bilan va retsepsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibini tasdiqlash vakolati Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklandi.

Retsepsiz yoki shifokor retsepti bo‘yicha beriladigan dori vositalari to‘g‘risidagi axborotni ularning tibbiyotda qo‘llanishiga doir yo‘riqnomalarda hamda Tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestrida ko‘rsatish talabi joriy etildi.

Import o‘rnini bosuvchi kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish maqsadida “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonunga yuridik shaxslarga IV ro‘yxat doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ayrim prekursorlarni tegishli litsenziyalarga asosan ishlab chiqarish va tayyorlash huquqi berildi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Mavzuga oid