Jahon | 18:27 / 03.06.2024
4237
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning «Chan’e-6» apparati Oyning orqa tomoniga muvaffaqiyatli qo‘ndi

Ushbu missiya Yerga tuproq namunalarini yetkazishi kerak, uning tahlili Yer tabiiy yo‘ldoshining shakllanish tarixini yaxshiroq tushunishga imkon beradi. 

Foto: SciNews

Xitoyning 3 may kuni uchirilgan «Chan’e-6» zondi Oyning orqa tomonidagi Apollon krateri janubiy qismiga muvaffaqiyatli qo‘ndi. 

Ushbu missiya Yerga tuproq namunalarini yetkazishi kerak, uning tahlili Yer tabiiy yo‘ldoshining shakllanish tarixini yaxshiroq tushunishga imkon beradi. Gap shundaki, bu namunalar Oy mantiyasidan chiqqan va qotib qolgan tuproqdir. 

Bu Xitoyning to‘rtinchi urinishda Oyga o‘z apparatini to‘rtinchi marta muvaffaqiyatli qo‘ndirishi hisoblanadi. 

«Chan’e-6» apparatining qo‘nish jarayoni videotasvirga olindi. Unda qo‘nishning yakuniy bosqichidan oldin bir muddat havoda muallaq turgani ko‘rsatilgan. Bu vaqtda bort kompyuteri qo‘nish joyining xavfsizligini baholagan. 

«Chan’e-6» qo‘nish joyini bir necha kun davomida tadqiq qilishi rejalashtirilgan. Tuproq namunalari 2 metrgacha chuqurlikdan olinadi. Hammasi bo‘lib, taxminan 2 kilogramm namuna olinishi kerak. 

Keyin namunalar Oy orbitasiga yuboriladigan kapsulaga joylashtiriladi, u yerda qaytish moduli uni Yerga yetkazadi. Ilgari shunga o‘xshash operatsiya «Chan’e-5» missiyasi tomonidan amalga oshirilgan, ammo Oyning old tomonidan tuproq yetkazib berilgan edi.

 

Mavzuga oid