Jahon | 15:28 / 05.06.2024
3212
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda bosh vazir Modining partiyasi saylovlarda g‘alaba qozondi

Narendra Modining «Bxaratiya janata parti» (BJP) partiyasi taxminan 38 foiz ovoz oldi. Ittifoqchilar bilan birgalikda u 543 ta o‘rindan kamida 280 o‘rinni egallaydi.

Foto: Adnan Abidi / Reuters

Hindistondagi parlament saylovlarida bosh vazir Narendra Modining «Bxaratiya janata parti» (BJP) partiyasi g‘alaba qozondi. 4 iyun, seshanba kuni Nyu-Dehlidagi Saylov komissiyasi ma’lum qilishicha, saylov byulletenlarining 75 foizini qayta ishlagandan so‘ng, BJP 38 foiz atrofida ovoz olgani ma’lum bo‘ldi. 

Shu tariqa, saylovchilar orasida juda mashhur bo‘lgan va Hindiston hukumatini 10 yil davomida boshqarib kelayotgan 73 yoshli Modi uchinchi besh yillik muddatga bosh vazir lavozimini egallashi mumkin. 

Biroq, 2019 yilgi saylov natijalari bilan solishtirganda, Modining partiyasi katta yo‘qotishlarga uchradi va BJPni o‘z ichiga olgan «Milliy demokratik alyans» koalitsiyasi parlamentda 400 o‘rinni qo‘lga kiritish maqsadiga erisha olmadi. Koalitsiya 543 o‘rindan 280 o‘rinni qo‘lga kiritadi. Oldingi qonunchilik davrida BJP 303 o‘ringa, koalitsiyadagi boshqa partiyalar bilan birga 353 o‘ringa ega edi. 

Muxolifat natijani yaxshiladi 

Muxolifatning INDIA alyansi o‘z natijalarini yaxshilagan va parlamentda kamida 230 o‘ringa ega bo‘ladi. 2019 yilgi saylovlardan keyin Gandi sulolasining «Hindiston milliy kongressi» (HMK) partiyasi hukmronlik qilgan alyans parlamentda atigi 91 o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Hindistondagi saylovlar dunyodagi eng yirik ovoz berish jarayoni hisoblanadi, ro‘yxatga olingan 968 million saylovchidan 642 millioni qatnashgan. Olti hafta mobaynida milliondan ortiq saylov uchastkalari ochildi, ovoz berish yetti bosqichda o‘tkazildi. Saylovda 66,3 foiz fuqaro ishtirok etgan (2019 yilda – 67,4 foiz). 

Mavzuga oid