Jamiyat | 15:46 / 09.06.2024
8142
4 daqiqa o‘qiladi

Yozda quyosh urishidan qanday himoyalanish kerak - mutaxassis tavsiyalari

SSV yoz faslida oftob urishi, xalq tilidagi dam o‘tishi holati ko‘p uchrashini inobatga olib, undan saqlanish bo‘yicha bir necha tavsiyalar berdi.

O‘zbekistonda yoz faslida oftob urishi, xalq tili bilan aytganda dam o‘tishi eng ko‘p uchraydigan holatlardan biri hisoblanadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi undan saqlanish uchun bir necha tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi.

Doniyor Alimov / Sog‘liqni saqlash vazirligi

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimovning so‘zlariga ko‘ra, yozda quyosh tig‘ida uzoq vaqt bosh yalang va badanni himoya qilmagan holda qolish oftob urishiga sabab bo‘ladi.

«Har bir faslning inson salomatligi uchun ijobiy va salbiy ta’sirlari bor. Xususan, yozda quyosh tig‘ida uzoq vaqt bosh yalang va badanni himoya qilmagan holda qolish — oftob urishiga sabab bo‘ladi.

Afsuski, ko‘pchilik bu holatga "biroz dam o‘tibdi" deya bepisandlik bilan qaraydi. Aslida esa unga e’tiborsiz bo‘lish, jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki quyosh urishi eng xavfli holat bo‘lib, u tashqi termal omillar ta’sirida organizmning umumiy qizib ketishi va haroratni me’yorda ushlab turish qobiliyatini yo‘qotishi natijasida yuzaga keladi», – deydi shikofor.

Uning asosiy belgilari quyidagilar hisoblanadi:

  • kuchli bosh og‘rig‘i;
  • terlashning to‘xtashi, teri quruq va qizargan bo‘lishi;
  • tez va kuchli yurak urishi;
  • tez-tez nafas olish, o‘tkir nafas qisishi;
  • bosh aylanishi, qusish yoki ko‘ngil aynishi.

Og‘ir holatlarda esa bemorda alahsirash kuzatiladi. Tana harorati 41–42 darajagacha ko‘tarilishi, chuqur behushlik holati kuzatilishi mumkin.

Mutaxassis bunday paytda bemorni, eng avvalo, salqin joyga ko‘chirib o‘tkazish lozimligi, so‘ng gorizontal holda yotqizib, oyoqlarini sal ko‘tarish, kiyimlarini yechish, yuzini sovuq suvda yuvish va biror xo‘llangan matoni yurak sohasiga qo‘yish kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, unga salqin ichimlik yoki qatiq ichirish va zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim. Sababi quyosh urgan insonga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish zarur.

Doniyor Alimov issiqlik urishining oldini olish uchun bir necha tavsiyalarga amal qilish lozimligini eslatib o‘tdi.

Xususan, jazirama kunlarda organizm ko‘p suv talab qiladi. Shu bois suvsizlanishning oldini olish uchun kuniga 3 litr miqdorda suyuqlik ichish (sovutilgan ko‘k choy, gazsiz mineral suv, mevali, kam yog‘li sutli ichimliklar) lozim.

To‘g‘ri tushadigan quyosh nurlaridan saqlanish, undan himoyalovchi kremlar, ko‘zoynaklar hamda soyabonlardan foydalanish kerak.

Ko‘chaga chiqayotganda ochiq rangli tabiiy matodan tikilgan yengil liboslar va issiqdan saqlaydigan bosh kiyim kiyish zarur. Chunki ular organizmni sovutish va ultrafinafsha nurlardan himoyalashga yordam beradi.

Havo harorati yuqori bo‘lganda og‘ir jismoniy ishlarni cheklash va ko‘proq yopiq joylarda bo‘lish maqsadga muvofiq.

Yosh bolalar, keksa kishilar va surunkali xastaliklar (yurak-qon tomir, endokrin, nafas olish a’zolari, metobolik va ruhiy xastaliklar) bilan og‘riydigan bemorlar issiqlik urishiga ko‘proq moyil. Shu sababli ular salomatligini muntazam kuzatib borish muhim.

Mavzuga oid