Jahon | 10:42 / 10.06.2024
2074
4 daqiqa o‘qiladi

Belgiya bosh vaziri Aleksander De Kroo iste’foga chiqdi

Belgiya bosh vazirining Open VLD liberal partiyasi parlamentga milliy saylovlarda mag‘lub bo‘ldi. 

Foto: Getty Images

Belgiya bosh vaziri Aleksander De Kroo o‘zining «Ochiq flamand liberallari va demokratlari» (Open VLD) partiyasi milliy va Yevropa parlamenti saylovlarida yirik mag‘lubiyatga uchragach, iste’foga chiqishini e’lon qildi. Bu haqda 10 iyun, dushanbaga o‘tar kechasi xalqaro OAV xabar berdi. 

«Biz bu saylovda mag‘lub bo‘ldik. Men kampaniyaning yuzi edim. Bu biz kutgan natija emas. Men javobgarlikni to‘liq o‘z zimmamga olaman», - deya De Krooning fransuz tilidagi so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Euronews internet-nashri. 

«Bu biz uchun juda og‘ir oqshom bo‘ldi. Men ertaga bosh vazirlikdan iste’foga chiqaman, ammo liberallar kuchli, biz qaytamiz», - deya qo‘shimcha qildi siyosatchi. Dpa agentligiga ko‘ra, Krooning bu bayonot paytida ko‘zlarida yosh bo‘lgan. 

Qayd etilishicha, Aleksander De Kroo 10 iyun kuni Belgiya qiroli Filippga hukumat rahbari lavozimini tark etish niyati haqida xabar beradi. Mutaxassislar saylov natijalaridan keyin yangi hukumatni shakllantirish bo‘yicha shiddatli muzokaralar bo‘lib o‘tishini kutmoqda. 2019 yilgi saylovlardan so‘ng hukmron koalitsiya deyarli 500 kundan keyin tuzilgandi. 

Belgiyada parlament saylovlari

Belgiyada federal parlamentga saylovlar niderland tilidagi partiyalar ovoz beradigan Flandriya va fransuz tilidagi partiyalar saylanadigan Valloniyada alohida o‘tkaziladi. 

Flandriyadagi byulletenlarning 90 foizdan ortig‘ini sanab chiqish natijalariga ko‘ra, Antverpen meri Bart De Veverning mo‘’tadil o‘ng qanot «Yangi flamand alyansi» (N-VA) partiyasi g‘alaba qozondi. U, dpa ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent vaqti bilan soat 6:00 holatiga ko‘ra 17 foiz ovoz oldi.

Vlaams Belang o‘ng radikal partiyasi (niderland tilidan tarjimasi: «Flamand manfaati») 14 foiz ovoz to‘pladi - 2019 yildagidan ikki foizga ko‘p. 

Dastlabki natijalarga ko‘ra, Flandriyada ilgari surilgan De Krooning Open VLD partiyasi saylovlarda 5,5 foiz ovoz to‘pladi, bu 2019 yilgi natijadan 3,1 foizga kamdir. Shu bilan birga, Valloniyada liberallar, aksincha, 9,7 foiz ovoz to‘plab, o‘z pozitsiyalarini mustahkamladi, u besh yil avval erishilgan natijadan 2 foizga yuqori. 

Flandriyada sotsial-demokratlar o‘z natijasini besh yil avvalgi ko‘rsatkichdan 8,4 foizgacha yaxshilagan, ya’ni u 1,7 foiz punktga oshgan. Valloniyada ular 2,1 foiz punktini yo‘qotib, qo‘llab-quvvatlash darajasi 7,3 foizga tushdi. Flandriya va Valloniyada bir vaqtda ovoz berish mumkin bo‘lgan yagona o‘ta so‘l Belgiya Mehnat partiyasi (PTB/PVDA) 9,8 foiz ovoz oldi. 

«Yashillar» ikkala provinsiyada ham mag‘lubiyatga uchradi. Flandriyada partiya 4,7 foiz (saylovchilarning xayrixohlik darajasi 1,4 foiz punktga pasaygan), Valloniyada esa atigi 2,9 foiz (minus 3,3 foiz punkti) ovoz olgan. 

Xristian demokratlar Flandriyadagi saylovchilarning 8,3 foizi, Valloniyada esa 6,5 foizi (plyus 2,8 foiz punkti) tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 

Belgiyada Yevroparlamentga saylovlar 

Belgiyada Yevropa parlamenti saylovlari natijalari asosan milliy parlament saylovlaridagi ovoz berish natijalariga mos keldi, deya ta’kidlaydi dpa. 

Belgiyada joriy parlament saylovlarida 8 millionga yaqin fuqaro ovoz berish huquqiga ega bo‘ldi. Qirollikdagi saylovlarda qatnashish majburiydir. Ularda sud tomonidan tasdiqlangan asoslarsiz ishtirok etmaslik jarimaga olib keladi. 

Mavzuga oid