O‘zbekiston bo‘yicha ish haftasi uchun ob-havo prognozi e’lon qilindi
Ushbu ish haftasi davomida O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, faqat respublikaning ayrim tog‘li hududlarida kechga tomon mahalliy xususiyatga ega bo‘lgan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Haftaning birinchi yarmida havo biroz issiq bo‘ladi, kunduz kunlari harorat +36...+39 daraja atrofida, cho‘l hududlarda va respublika janubida ba’zi joylarda +40...+41 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda. Bunday harorat iyun oyi iqlimiy me’yoridan +1-+2 darajaga yuqoridir.
Haftaning ikkinchi yarmida havo harorati kunduz kunlari +32...+35 darajagacha, janubda +36...+39 darajagacha biroz pasayishi kutilmoqda.
Sharqiy yo‘nalishda shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, shimolda va cho‘l hududlarda 15-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Poytaxtda havo asosan biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat 10-12 iyunda +35...+38 daraja, 13-14 iyunda +32...+35 daraja bo‘ladi.